Vashingtonda 200 ga yaqin elchixona bor. O'zbekiston elchixonasi AQSh poytaxtining markaziy ko'chalaridan biri - Massachussetts avenyusida joylashgan. Bu yerni "elchixonalar qatori" deyishadi, chunki ko'plab diplomatik vakolatxonalarga makon. 5-may kuni barcha elchixonalar oddiy ommaga o'z eshigini ochdi.
Passport DC dasturi asosida Vashingtondagi elchixonalarda madaniy turizm targ'ib qilinadi. Diplomatik vakolatxonalar - davlatning chet eldagi yuzi.
Kun bo'yi O'zbekiston elchixonasiga 10 mingga yaqin mehmon kelib ketdi. Elchi Javlon Vahobovning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, soat 10 dan 13:30 ga qadar 6 ming kishi qadam ranjida qildi.
"Asosiy maqsad O'zbekistonni tanishtirish - mamlakatda kechayotgan o'zgarishlar, bugungi vaziyat, shuningdek, yurtimiz madaniyati va tarixi haqida ma'lumot berish", - deydi O'zbekistonning AQShdagi elchisi.
Diplomat deydiki, bu yili dunyoning bu chekkasidan respublikaga sayyoh sifatida borayotganlar sonini 10 mingga yetkazish ko'zlangan.
Mehmonlar O'zbekiston elchixonasini aylanar ekan, to'rt qavatli serhasham imoratning bir asrlik tarixi bilan tanishdi.
"Bunday elchixonaga ega bo'lish biz uchun katta g'urur, katta faxr", - deydi elchi Vahobov.
1909-yilda qurilgan qasrsimon bino egasi Klerens Mur, ko'mir sanoatida mol-dunyo orttirgan zodagonlardan biri, bo'lgan. 1912-yilda u Titanik kemasida Yevropadan vatanga qaytayotganda okeanda cho'kib halok bo'lgan.
Oila 1927-yilda bu binoni Kanada hukumatiga sotgan. 1993-yilda O'zbekiston uni xarid qilgan. Bugungi kunda bu imorat taxminan 15-20 million dollar orasida baholanadi.
Elchixonaning ichki ko'rinishi 16-18 asrga xos ingliz va fransuz me'morchiligini aks ettiradi. Yog'ochdan ishlangan naqshinkor devorlar, rangli oynalar, aylana zinalar, bahaybat kaminlarni ko'rasiz. Tadbirlar uchun mo'ljallangan zallarda o'zbekona nafis san'at namunalari osilgan. Elchixona g'arb va sharq durdonalarini ko'z-ko'z qiladi.
Odatda elchixonalar kuchli xavfsizlik choralari ostida faoliyat yuritadi. Ochiq eshiklar kuni oddiy amerikaliklar va vatandoshlar uchun diplomatik vakolatxonani ko'zdan kechirish imkoniyatidir.
Facebook Forum