AQSh Maxfiy xizmati va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi transmilliy moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashda hamkorlik qiladi, deya bayon etmoqda Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi.
AQSh Maxfiy xizmati O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti bilan transmilliy moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha o‘zaro ishonch memorandumi imzolagan.
Maxfiy xizmati doimiy vakili Deniz Feydner va Bosh prokuratura rasmiysi Akmalxo‘ja Mavlonov 15-mart kuni Toshkentda bu hujjatga qo'l qo'ygan.
Memorandum moliyaviy tekshiruvlar yuzasidan axborot almashuvi, valyutaga oid jinoyatlar bo‘yicha tajriba va texnik ishlanmalar almashuvi, o‘zaro ishchi guruhlar va boshqa uchrashuvlar o‘tkazish tartibini ko‘zda tutadi.
“Valyutaga oid, moliyaviy jinoyatlar butun dunyoda tobora murakkab tus olayotgan tahdidga aylanmoqda. Bunday jinoyatlar yo‘liga kuchli to‘siq qo‘yish transmilliy jinoiy tashkilotlar bilan kurashishda asosiy usul sanaladi. Maxfiy xizmat xodimlari va huquq-tartibot idoralari dunyo bo‘ylab bir-birlariga yordam berishi juda muhim masala, shu sababli biz O‘zbekistonda Bosh prokuratura bilan yaqindan hamkorlik qilishni istaymiz”,- dedi Deniz Feydner xonim, elchixona tarqatgan bayonotda.
Bir yarim asrdan beri faoliyat yuritib keayotgan maxfiy xizmat prezident va yuqori lavozimli rasmiylar xavfsizligini ta’minlabgina qolmay, AQSh dollarini qalbakilashtirish, moliyaviy firibgarlik va kiber-jinoyatlar singari qora ishlarni tekshiradi.
Facebook Forum