Breaking News

Tramp-Putin uchrashuvidan nimalar kutilyapti?


16-iyul kuni Prezident Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan birinchi rasmiy sammitini o'tkazadi.
16-iyul kuni Prezident Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan birinchi rasmiy sammitini o'tkazadi.

Davlat rahbarlari o'rtasidagi sammitga har doim katta e'tibor beriladi. Bu haqda hatto o'tgan asrning 70-yillarida G'arbiy Germaniya Kansleri Villi Brandt liderlar "bir-birining hidini bilishi" juda muhim deb aytgan edi. Unga ko'ra, muhim mavzular bo'yicha kelishishda yetakchilar bir-biri bilan chiqisha olishi kerak.

16-iyul kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan birinchi rasmiy sammitini o'tkazadi. Bundan bir necha kun oldin esa uning NATO anjumanida qatnashishi rejalangan. Uchrashuvlarning bunday belgilanishi yevropaliklarga AQSh-Rossiya sammiti oldidan Trampga o'z qarashlarini bildirish imkoniyatini beradi.

Xelsinkida bo'layotgan AQSh-Rossiya sammitining o'ziga xosligi shundaki, yuqori darajali bu anjuman AQShda Rossiyaning prezidentlik sayloviga aralashganiga doir tergov davom etayotgan bir paytga to'g'ri kelmoqda.

Tramp tanqidchilari prezidentni Putinni yetarli darajada tanqid qilmayotganlikda ayblaydi. Bu esa Kreml qo'lida Trampga qarshi kompromat materiallar yig'ilgan degan shubhalarni yanada kuchaytirmoqda. Tramp bunday da'volarni keksin rad etadi.

2014-yil Qrim Rossiyaga qo'shib olinishi hamda sharqiy Ukrainadagi isyonchilar Rossiya tomonidan qo'llab-quvvatlanishi ortidan Moskva-Vashington aloqalari Sovuq urush davridan beri eng quyi nuqtaga tushgan.

NATO va kiber xavfsizlik

NATO siyosati hamda kiber xavfsizlik bo'yicha kelishmovchiliklar bor. Suriyadagi urush, AQShning bu mamlakat shimolida amalga oshirgan hujumida rossiyaliklarning halok bo'lishi ham tomonlar o'rtasidagi ziddiyatni kuchaytirgan.

Sammitda shu kabi ko'plab masalalar ko'rib chiqilishi kutilyapti. Qurol nazorati va boshqa xavfsizlik muammolari asosiy muhokama mavzusi bo'lishi mumkin. Ukraina va Suriya masalasi ham tilga olinadi, ammo tomonlar anjuman yakunida biror kelishuv bo'lishi haqida oldindan va'da bermayapti.

Ikki yetakchining shaxsiy darajada yaxshi chiqisha olishi uchrashuvning samarali kechishini ta'minlay oladimi?

O'tmishdan misollar

1972-yil prezident Richard Nikson o'zaro ixtiloflarni bir yoqli qilish uchun Mao Tzedun bilan uchrashgani Xitoyga borgan. Anjumandan jiddiy natija chiqmagan bo'lsa ham, uning muvaffaqiyat qozonganiga shubha qiladiganlar kam. Oradan yetti yil o'tib Vashington va Xitoy o'rtasida diplomatik aloqalar rasman yo'lga qo'yilgan edi.

1972-yil Niksonning Rossiyaga qilgan safari ham tarixga katta voqea sifatida kirgan. Bu AQSh davlat rahbarining Kremlga ilk tashrifi edi. Shundan so'ng davlat kotibi Genri Kissenger boshchiligida AQSh va Rossiya o'rtasida diplomatik muzokaralar boshlanib ketgan.

Britaniyaning Rossiyadagi sobiq elchisi Endryu Vudning aytishicha, sammitda qanaqadir konkret masala haqida gaplashish kerak va hozirgi paytda buning nima ekanini bilish qiyin. Unga ko'ra, so'nggi paytlarda AQSh va Rossiya rahbarlari ko'p gaplashdi, ammo amalda hech bir ish qilingani yo'q.

Moskvadagi AQSh elchisi Jon Hantsmen fikricha, Rossiya bilan aloqalarda tub burilish bo'lishini kutmaslik kerak.

"Yillardan beri aloqalarni qayta qurish harakatlari - demokratlar tomonidan ham, respublikachilar tarafidan ham - falokat bilan tugagan, - deydi u. - Ular umidlarni amalga oshirish mumkin bo'lmagan darajada baland olishadi. Keyin umidlar puchga chiqadi, aloqalar buziladi. Biz bu narsani ko'p ko'rganmiz".

Uning yana qayd etishicha, muloqotni ushlab turish muhim va kichik bo'lsa ham, tabiiy ochilish imkoniyatlarini kutib yashash kerak.

Putinning maqsadi

Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi yaqinlashar ekan, sahna ortida yuqori darajali rasmiylarning anjumanga tayyorgarligi va o'zaro muloqoti ham davom etmoqda.

Markaziy Razvedka agentligining sobiq rahbari Mayk Pompeo Davlat bosh kotibi lavozimiga tayinlanishidan oldin Senatda o'tgan tinglovda Rossiyaga nisbatan keskinroq munosabatda bo'lish kerakligini ta'kidlagan edi. Rossiyada ham qarashlar ijobiy emas. Kremlga yaqin bir manbaning "Amerika ovozi"ga aytishicha, Rossiya hukumatida ko'pchilik, xususan, Vladimir Putin G'arb va Rossiya o'rtasida hech qachon tuzatib bo'lmaydigan ziddiyat bor degan fikrda. Tramp prezident bo'lishi bilan bu narsa o'zgarishi mumkin, degan umidlar so'nggi paytlarda puchga chiqmoqda, deydi bu manba.

Putin G'arbga nisbatan salbiy fikrini o'zgartirgan bo'lishi mumkinmi? Sammitda bunga oydinlik kiritiladi, deydi ayrim kuzatuvchilar. Ba'zi yevropalik diplomatlarning aytishicha, Putin Trampni Qrimni Rossiya tarkibi sifatida tan olishga undashi, buning evaziga isyonchilar nazoratidagi Donbas mintaqasini Ukrainaga qaytarishni taklif qilishi mumkin.

Boshqalarga ko'ra, Putin Trampdan urushdan keyingi Suriyani qayta tiklashda ham yordam so'rashi mumkin. Fuqarolar urushidan vayron bo'lgan mamlakatni oyoqqa turg'azish uchun 250 milliard dollar kerak bo'lishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG