AQSh rasmiylari mamlakatdagi robotexnika, sun'iy idrok kabi sohalarga Xitoy sarmoyasining oqib kelayotganidan xavotirda. Silikon vodiysidagi kompaniyalar esa bu hamkorlik har ikki mamlakat uchun ham foydali ekanini aytmoqda.
Kapitoliyda Xitoyni Amerika uchun jiddiy xavf deb hisoblashadi.
"Xitoy solayotgan tahdid haqiqiy va bu xavfning ta'siri allaqachon sezilmoqda. Harakatsizligimiz faqat salbiy oqibatlarga olib keladi. Mamlakatimizni kelajakdagi salbiy ta'sirlardan asrashni maqsad qilishimiz keak", - deydi senator Jon Kornin.
Qonunchilar xavotiriga ko'ra, xitoyliklar mudofaa tizimlarida ishlatish mumkin bo'lgan robot, sun'iy idrok kabi sohalarga pul tikmoqda.
Texnologiya mutaxassislari esa sarmoya yo'lini to'sish innovatsiyani sekinlashtirishini aytadi.
"Tariflar savdo siyosatini ishdan chiqarmoqda, bu esa sarmoyani yo'q qilish degandek gap. Vaholanki, Xitoy sarmoyasi bu yerdagilar uchun juda foydali bo'layotgan edi", - deydi tahlilchi Sin Rendolf.
Sun'iy idrok texnologiyalariga oid o'tkazilgan birinchi AQSh-Xitoy sammitida o'zaro hamkorlik muhokama qilindi. Mutaxassislar fikricha, sog'liqni saqlash, avtomobilsozlik, dronlar kabi sohalarda har ikki tomon bir-biridan ko'p narsa o'rganishi mumkin.
"Texnologiyadan umumiy foydalanish insoniyat uchun yaxshiroq. Bu yerda bir davlat ikkinchisiga qarshi degan gap yo'q", - deydi tadbirkor Tao Van.
"Geosiyosiy bosim yoki tafovutlarga qaramay, texnologiya nuqtai nazaridan biz jamiyat muammolariga yechim izlayapmiz. U sog'liqni saqlash, moliya yoki transport sohasi bo'lishi mumkin", - deydi yana bir sarmoyador.
Xelen Lian Xitoydan biznes hamkor topib beruvchi kompaniya asoschilaridan biri. U sarmoya kiritgan "Piper" kompaniyasi ham Xitoy bozoriga kirishga urinmoqda.
"Piper" kabi kompaniyalar Xitoyni har doim ulkan bozor sifatida ko'radi. Sun'iy idrok kompaniyalariga esa yangi innovatsiyalar uchun yordam kerak.
"Silikon vodiysidan me'yorlarni o'zgartiruvchi biznes modellari chiqishiga o'rganib qolganmiz. Hozir bu o'zgaryapti. Masalan, moliya texnologoyalari bo'yicha Xitoydan yangi innovatsiyalar chiqmoqda", - deydi tadqiqotchi Nikolas Maye.
"Me'yorlarni buzish" atamasi Silikon vodiysida mashhur. U sanoatda kutilmagan o'zgarish va natijalarni paydo qiluvchi kashfiyotlarga nisbatan ishlatiladi.
Ishbilarmonlarni xursand qilayotgan bu o'zgarishlardan esa qonunchilar xavotirda.
Facebook Forum