Breaking News

Amerika harbiy akademiyalarida o’qish bepul ekanini bilasizmi?


Amerikaning nufuzli universitetlari ro’yxatidan o’rin egallagan Kornel, Braun universitetlari yoki Dartmut kollejiga kirish raqobat o’ta kuchli bo’lgan harbiy akademiyalarga qabul qilinishdan ko’ra osonroq ekanini bilasizmi? Ushbu akademiyalarda ta’lim olish bepul. Vest-Poynt harbiy akademiyasida bir talabaning tahsil olishi 56 ming AQSh dollariga tushadi va bu xarajat davlat tarafidan to’liq qoplanadi.

Harbiy akademiyalar federal byudjet hisobidan moliyalangan universitetlar bo’lib, talabalarni AQSh Qurolli Kuchlari zobitligi uchun tayyorlaydi. O’qishni tamomlagach, mahalliy talabalar tegishli harbiy qismlarda 5 yil xizmat qilishlari shart. Xorijlik talabalar esa o’z yurtlarida harbiy majburiyatlarini amalga oshiradi.

Nyu-Yorkning Vest-Poynt shahridagi AQSh Harbiy akademiyasi, Merilend shtatining Annapolis shahridagi AQSh Dengiz Floti akademiyasi (USNA), Kolorado shtatining Kolorado-Springs shahridagi AQSh Havo kuchlari akademiyasi (USAFA), Konnektikut shtatining Nyu-London shahrida joylashgan AQSh Sohillar Mudofaasi akademiyasi (USCGA) hamda Nyu-Yorkning Kings-Poynt shahridagi AQSh Savdo floti akademiyasi har yili xorijlik talabalarni o’qishga qabul qiladi.

AQSh Federal tartiblariga ko’ra, harbiy akademiyalar umumiy hisobda yiliga 60 nafar chet ellikni o’qishga qabul qilishi mumkun. Ushbu me’yor 2004-yilda 45 nafar edi. AQSh Davlat va Mudofaa departamentlari har yili harbiy akademiyalarda tahsil olish uchun ariza berishga haqli bo’lgan mamlakatlar ro’yxatini e’lon qiladi. Joriy yilda ushbu ro’yxatga 100 ga yaqin davlat kiritilgan.

“Harbiy akademiyalarga xorijlik talabalarni qabul qilish miqdorining 60 taga ko’tarilishidan ko’zlangan asosiy maqsad turli davlatlar bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirishdan iborat”, - deydi Vest-Poynt harbiy akademiyasi Qabul komissiyasi raisi Debora MakDonald.

Uning ta’kidlashicha, mahalliy va xorijlik talabalarning qabul jarayonlari biroz farq qiladi.

“Asosiy farqlardan biri: xorijlik talabalar o’z mamlakatlarining davlat departamentlari tarafidan tavsiya etilishi kerak”, - deydi u.

Yuqorida sanab o’tilgan 5 harbiy akademiyaga hujjat topshirgan abiturientlar eng kamida 17 yosh, biroq qabul kuniga qadar 22 yoshdan oshmagan bo’lishlari shart. Homilador, turmush qurgan yoki farzand tarbiyasi va himoyasi uchun mas’ul bo’lgan shaxslarning hujjatlari qabul qilinmaydi.

Shuningdek, xorijlik abiturientlar TOEFL imtihonlari natijasini ham taqdim etishlari talab qilinadi. 2016-yilda Vest-Poynt harbiy akademiyasiga qabul uchun o’rtacha TOEFL ko’rsatkichi 94 ballni tashkil etgan.

Xorijlik nomzodlar topshirishi shart bo’lgan SAT (Scholastic Assessment Test) sinovlari natijalari o’rtacha ko’rsatkichlardan yuqori bo’lishi talab etiladi. Bu me’yor, Vest-Poynt harbiy akademiyasida 1340, USNA’da 1400, USCGA’da 1320, USAFA’da 1370 hamda USMMA’da 1310 ballni tashkil etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG