Breaking News

Jang maydonidan Uoll-Stritga - urush faxriylari uchun yangi ishlar


Urush faxriylari uchun yangi ishlar - Wall Street Veterans
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00
Urush bu do’zax deyishadi. Jang maydonidan uyga qaytayotgan askarlar uchun osoyishta hayotga ko’nikish oson emas. AQSh moliya va sarmoya markazi Uoll-Stritda joylashgan bir kompaniya faxriylarga yordam qo’lini cho’zmoqda.

Serjant Denni Morales Iroqda xizmat qilgan. Jo Krolder AQSh havo kuchlari safida ikki bor Iroqqa safarbar etilgan. Jon Martinko ham Iroq va Afg’onistonda o’nlab yil jang qilgan. Mayk Pakka Afg’onistonda, so’ngra Iroq urushida snayper bo’lgan.

Ular qatorida yana 30 ga yaqin sobiq askarlar Uoll-Stritdagi “Dreksel-Hamilton” kompaniyasida treningdan o’tmoqda.

“Ayrimlarining to’rtta-beshtadan farzandi bor. Ularga imkoniyat bersak, ish va maosh bilan ta’minlasak, urush yarasi tezroq tuzaladi”, - deydi kompaniya rahbari Jim Kaxil.

Afg’onistondan yaralanib qaytgan Jon Martinkoda ruhiy kasallik alomatlari aniqlandi. Vest-Poynt harbiy akademiyasi bitiruvchisi hozir sarmoya firmasida menejer bo’lib ishlaydi. Urush maydonidagi tajribam bu ishda ham qo’l keldi, deydi u.

“Afg’onistonda aloqa vositalari, kommunikatsiya uchun mas’ul edim. Qaysidir jihatdan hozirgi ishimga o’xshab ketadi. Moliyaviy ko’rsatkichlarni ekranda kuzatib borish, savdo terminallarini boshqarish, har kungi vazifalar jadvalini tuzish bo’ynimda. Tezkorlik, operativ qarorlar qabul qilishda urushda ko’nikma hosil qilganmiz”.

Faxriylarga bir necha oy davomida moliya sohasida pishgan ekspertlar ustozlik qiladi.

Denni Morales sakkiz yil Iroqda xizmat qilgan:

“Yonma-yon o’tirib, ko’p narsa o’rgansa bo’ladi ulardan. Bu sohada raqobat kuchli, ostonasiga qadam bosish uchun kamida ikki-uch yil o’qish kerak. Bizga bebaho imkoniyat berishdi. Biz faxriylarga munosabat ijobiy. Tamoman boshqa bir sohadan kelganimizni tushunishadi”.

Sobiq zobitlar bu dasturni hayotbaxsh deb ta’riflaydi. Masalan, Jo Krolder uysiz, mashinasida yashab yurgan edi. Chorasizlik va umidsizlikdan hatto o’z joniga qasd qilish haqida ham o’ylagan. Urushdan qaytayotganlar orasida bunday hollar nihoyatda ko’p.

“Nufuzli universitetlardan diplomim yo’q. Uoll-Stritga menga yo’l bo’lsin der edim. Bu yerda ishlash tushimga ham kirmagan. Lekin “sen bizga keraksan” deb aytishdi. Ishga kirganimdan ikki oy o’tib, bolalarim bir kuni menga aytmasdan kompaniyamiz rahbariga xat yozishibdi. Oq varaqni ikkiga buklab, rasmlar chizishgan va “sizga rahmat, otamiz hech qachon bunchalik shod bo’lganini ko’rmagan edik”, deb yozishibdi. Oilam uchun, xotinim va bolalarim uchun qanchalik qiyin bo’lganini shundan bilaman”, - deydi Krolder.

Jim Kaxil, Uoll-Stritdagi sarmoya firmasi rahbari, boshqa ish beruvchilarni ham urush faxriylariga imkoniyat bering, deya undamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG