Breaking News

AQShda ovqat talonlarini bekor qilish masalasi muhokamada


Amerikada ijtimoiy yordam - Kentucky food stamps
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:33 0:00

Amerikada ijtimoiy yordam - Kentucky food stamps

Yaqinda respublikachilar hukmron Vakillar palatasi kambag’al aholiga yordam loyihasini 40 milliard dollarga kamaytirishga qaror qildi. Oziq-ovqat talonlari haqida gap ketayapti. Endi ushbu qaror demokratlar ko’pchilik bo’lgan Senat tasdig’ididan o’tishi kerak. Jamiyatning yegulik talonlarini oladiganlar haqida fikri bo’lingan. Ba’zilar ularga achinsa, boshqalar bunday odamlarni dangasa, deydi.

Kentuki shtati, Luivil shahridagi Shayvli mahallasida beva-bechoraga oziq-ovqat tarqatilmoqda. Mamlakatning eng yo’qsil manzillaridan biri bu - 10 yilda qashshoqlik ko’lami 11 foizdan 18 foizga oshgan. Marvin Pog urush faxriysi, nogiron. Yegulik uchun oyiga 34 dollar yordam puli oladi. Shundan ham quruq qolsa, holi voy.

“Aql bovar qilmaydi. Shundoq ham bu pul yetarli emas-ku! Kunimizni zo’rg’a ko’rayotgan bo’lsak!” – deb xunob bo’ladi u.

Yiliga 20 ming oila qornini to’ydiramiz, deydi dastur xodimi, rohiba Jin Ann Zappa. O’tgan yili Qishloq xo’jaligi vazirligi oziq-ovqat uchun ajratiladigan madadni deyarli 50 foizga kesgach, o’rnini xayr-sadaqa va xususiy yordam qopladi. Bunda din ahlining xizmati katta. Lekin talonlar qisqarsa, ahvol og’irlashadi, deydi rohiba.

“Bir o’zimiz eplolmaymiz. Hukumat bilan hamkorlikda qilinadigan ish-da. Jamiyatning har bir a’zosi uchun farz ham. Axir, yagona xalqmiz hammamiz”, - deydi u.

Ammo ishi bor odamlar, jumladan, Luivilda urush faxriylari sayliga kelganlar talonlar bekor qilingani ma’qul, deydi. Ishsizlardan ish qidirish yoki malakani oshirish kurslariga borishni talab qilish kerak. Aks holda, talon ololmaysan, deyish to’g’ri, deydi ular. Ikki farzand onasi Kristina Shank nazarida davlat yordamini olayotgan odamlar juda ko’payib ketgan.

“Ishlagan tishlaydi. Ishlamaydiganlar, ya’ni yalqov va dangasalar esa yumush topishi, ter to’kishi kerak. Bu to’g’ri qaror deb hisoblayman”, - deydi u.

Jin Ann Zappa bu fikrga qo’shilmaydi. Ovqat talonlarini oladiganlar ishlaydi, aksariyati farzandini o’zi katta qilayotgan onalar, deydi u. Ammo bugungi og’ir iqtisodiy ahvolda ularning maoshi oilani boqishga yetmaydi.

“Gap yegulik tanqisligi haqida ketyapti. Ishi bor odam ham oilasi uchun yetarli osh-ovqat sotib olishga qiynalishi mumkin. Maosh oyning oxirigacha yetmaydi. Bu har kuni qashshoqlikda yashashdan farq qiladi”, - deydi ayol.

Mamlakatda iqtisodiy ahvol yaxshilangan sari ovqat talonlariga muhtoj odamlar kamayishi muqarrar, deydi dastur xodimi Zappa. Boshqalar esa boqindi odamlar ishga chiqsa, iqtisodga hissa qo’shadi, deydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG