Breaking News

Obamaning muxolifat bilan muzokarasi natija bermadi


Prezident Obama va Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner (chapda) Oq uyda gaplashmoqda
Prezident Obama va Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner (chapda) Oq uyda gaplashmoqda
AQShda uch kundan beri federal hukumat vazifasini to’laligicha bajarmayapti. Respublikachi qonunchilar prezident Obama taklif etgan sug’urta dasturini bekor qilish yoki bir yilga kechiktirish talabidan voz kechmayapti, aks holda byudjetga ovoz bermaymiz, deyishmoqda. Prezidentga ko’ra esa, muammo hal etilmasa, AQSh hukumati defoltga uchrashi mumkin.

Kecha prezident Obama Oq uyda bir guruh respublikachi qonunchilarni qabul qilib, masala bo’yicha murosa qilishga urinib ko’rdi. Bir soatlik muloqot natija bermadi. Kongress Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner demokratlarni muzokaradan bosh tortayotganlikda aybladi.

"Bunday og’ir paytlarda xalq o’z rahbarlaridan birdam bo’lishni, kelishmovchiliklarini hal etish uchun harakat qilishlarini istaydi. Ammo prezident muzokara qilmoqchi emasligini yana bir bor namoyish etdi", - dedi Beyner.

Demokratlarning Senatdagi sardori Garri Rid nazarida esa respublikachilar yangi byudjetni muhokama qilishdan bosh tortmoqda. Ular hukumat ishini vaqtinchalik davom ettirish chorasiga ko’nyapti, xolos, deydi Rid.

"Qarz olish chegarasini kengaytirish masalasini hal qilganimiz yo’q hali. Nahotki respublikachilar bu mamlakatning uzoq muddatdagi moliyaviy ishlari bilan qiziqmasa", - deydi Rid.

Prezident Obama muxolifat bilan hamkorlik qilishga uringanini aytadi.

"Uzoqni ko’zlab rejalash, moliyaviy masalalarni oqilona hal qilish imkonini beruvchi byudjet kerak bizga", - deydi Obama.

Davlat rahbariga ko’ra, agar spiker Beyner va Vakillar palatasidagi boshqa yetakchi respublikachilar shuni istasa, hukumat ishi shu zahotiyoq jonlanishi mumkin.

"Agar ular hujjatga ovoz bersa, Amerika qarzini o’z vaqtida to’lashini ta’minlasa, men respublikachilar bilan keng qamrovli muzokara olib borishga tayyorman", - dedi Obama.

Biroq ayrimlar, deydi prezident, Amerikaning tarixda ilk bor defoltga uchrashiga qarshi emas, chunki ularning dardi yangi sog’liqni saqlash qonunini yo’q qilish. Kongress bu hujjatni qabul qilib bo’lgan, uning Konstitutsiyaga zid emasligi tasdiqlandi, deydi Obama.

Davlat rahbari hukumatning qarz olish chegarasini 17-oktabrgacha ko’tarishni istaydi. Agar byudjet qabul qilinmasa, federal hukumat to’liq ishga qaytmasa, AQSh iqtisodiyoti misli ko’rilmagan salbiy oqibatlarga yuz tutishi mumkin, deydi prezident Obama.
XS
SM
MD
LG