Breaking News

Super qahramonlar bugungi kun uchun nima bera oladi?


Super qahramonlar va bugungi hayot
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

Ular Amerika pop madaniyatining eng taniqli namoyandalari. Ularni butun dunyo taniydi. Faqat bu qahramonlar haqiqiy emas. Supermen, orgimchak odam, Kapitan Amerika kabi Gollivud siymolari bugungi siyosiy va ijtimoiy muhit uchun ham begona emas.

"Comic-Con" festivalida fantaziyalar real hayotga ko'chadi. Dorian Blek Supermen qiyofasida. O'zga sayyoralik kelgindi muhojir siymosini o'zida ifodalaydi.

"Bu qahramon yaratilgan payt muhojirlarga qarshi kayfiyat kuchli bo'lgan. Hozirgi Amerika boshqacha ekanini aytamiz. Ko'p sohalarda shunday, lekin hanuz qochqinlar masalasida bahslar bor. Ularni qabul qilamizmi, qanchasini, yordam berishimiz kerakmi degan gaplar", - deydi Blek.

Super qahramonlar olg'a suradigan qadriyatlar immigratsiyadan tortib ayollar huquqigacha bo'lgan ko'plab muammolarga yechim bo'la oladi, deydi ishqibozlar. Komiks kitoblar va pop madaniyatni o'rganuvchi Ven Saundersning aytishicha, Supermen obrazi ilk bor 1938-yilgi Buyuk tushkunlik davrida dunyoga kelgan.

"Supermen ilk bor paydo bo'lganda anarxist va sotsialist edi, buni ko'pchilik bilmaydi. U neft kompaniyalari vakillariga qarshi kurashadi. Xalqni so'rayotgan reklama agentliklari bilan urush olib boradi; qamoqlarni isloh qilishga chaqiradi", - deydi tadqiqotchi.

Saundersga ko'ra, Amerika qadriyatlari o'zgarishi oqibatida 1940-50-yillarga kelib Supermen ijtimoiy jihatdan ancha konservativlashdi. Lekin uning doim ezgulik qilish roli o'zgarmadi.

"Albatta, nima to'g'ri ekani haqidagi qarashlar o'zgaradi. Bu madaniyatga ham bog'liq. Ba'zan oydan oyga ham o'zgaradi. Shu bois Supermen haqida yozish qiyin", - deydi u.

"Bu qahramonlar uni yaratganlarning ovoziga aylanadi", - deydi rassom Aron Lopresti.

Ayrim ishqibozlar fikricha, bu qahramonlar bugun har qachongidan ko'ra muhimroq. 2019-yil namoyishi kutilayotgan Kapitan Marvel yana bir super qahramon. U ayol kishi.

"Kuch, ayniqsa, ayol kuchi bugungi dunyo uchun juda muhim", - deydi muxlislardan biri.

Kapitan Amerika ham ko'pchilikka manzur.

"Kapitan Amerika oilaga sodiq bo'lish qadriyatlarini namoyon qiladi. Aytayotgan va qilayotgan ishingiz bir xil bo'lishi kerakligini o'rgatadi", - deydi Valensia Garsia ismli muxlis.

"Barchasini yaxshi ko'raman. Ular odamlarni qutqaradigan, yaxshilik qiladigan qahramonlar", - deydi yana bir ishqiboz.

Muxlislar fikricha, mas'ul lavozimdagi shaxslar super qahramonlardan o'rnak olishi kerak.

"Qo'lingda hokimiyat bo'lsa, avtomatik korrupsiyaga botasan, degan qarash bor. Mutlaq hokimiyat shubhasiz odamni buzadi. Supermen esa buning ziddi. Qudratli, ayni paytda yaxshi odam bo'lishingiz mumkin. Yaxshi bo'lish uchun esa harakat qilish kerak", - deydiDorian Blek.

O'rgimchak odam timsolida ham shu ma'no bor: qudrat mas'uliyatni talab qiladi. Bu gap hukumatdagilarga ham ishora, deydi muxlislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG