Breaking News

O’zbekiston Afg’oniston maorifiga e’tiborni oshirmoqda


Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazi
Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazi

O’zbekistonning Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazi O’zbekiston Vazirlar mahkamasining 2017-yil 13-noyabr kuni qabul qilgan qaroriga ko’ra tashkil qilingan. Mazkur markaz qisqa vaqt ichida foydalanishga tayyor bo’ldi.

Bugungi kunda 131 nafar afg’onistonlik yoshlar o’zbek tili va adabiyoti hamda temir yo’l yo’nalishlarida tahsil olmoqda. “Amerika Ovozi” Surxondaryo viloyatida bo’lib, markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Joriy yilning 21-yanvarida 96 nafar afg’onistonlik talaba o’zbek tili va adabiyoti yo’nalishi bo’yicha, 4-may kuni esa 35 nafar yosh temir yo’l yo’nalishi bo’yicha o’qiy boshladi. Shu tariqa 131 afg’on bugun bu markazda tahsil olmoqda.
Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazi direktori Oybek Ro’ziyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, afg’on xalqiga kadrlar tarbiyalab berish, qolaversa, ma’naviy-ma’rifiy yo’l bilan afg’on zaminida tinchlik ta’minlanishiga yordam berish - ustuvor vazifa.

“Ushbu markazni tashkil etishdan asosiy maqsad, bilimga chanqoq afg’on yoshlaridan kadrlar tarbiyalash, Afg’oniston taraqqiyotiga katta xizmat qo’shadigan ajoyib bir maskan tuzishdan iboratdir. Bugungi kunda ushbu markazda talabalar o’zbek tili va adabiyoti va temir yo’l yo’nalishlari bo’yicha ta’lim olmoqdalar. Bugungi kunda ushbu markazda talabalar uchun barcha fan to’garaklari, ma’naviy-ma’rifiy to’garaklar, sport to’garaklari tashkil etilgan. Shunindek, 24 ta o’quvxonalari zamonaviy, jahon andozalariga mos ravishda tayyorlanib, o’qish uchun zarur qulayliklar yaratib berilgan”,- deydi Ro’ziyev.

Suhbatdosh nazarida Afg’oniston yoshlari o’rtasidan qobiliyati kuchli, talantli yoshlar juda ko’p. Ularni tarbiyalash, bilimga qiziqtirish, ayni holda ruhiyatini ko’tarish kerak.

Afg’onlarni o’qitish markazi: bu xalqni kadrlar bilan ta'minlaymiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:18:06 0:00

“Afg’oniston respublikasidan keladigan yoshlarning bilimga chanqoqligi, ularning bilimga qiziqishlarini nimadan bilishimiz mumkinligi bizni o’ylantirgan edi. Lekin birinchi kundan boshlab har 6-7 bolani qiziqishidan kelib chiqqin holda guruhlarga bo’lib ustoz-shogird tizimini shakllantirdik. Talabalarni darslaridan keyingi vaqtlari mazmunli o’tishi uchun ma’naviy-ma’rifiy, sport va mamlakatshunoslik kabi to’garaklar bilan biriktirdik. Natijada shuni aytishimiz mumkinki, bugun afg’onistonlik yoshlarning qobiliyati o’zbekistonlik yoshlardan ancha baland ekanini ko’rib xursand bo’ldik”,- deydi Ro’ziyev.

Mazkur markazda konferensiya zali, barcha soha adabiyotlari bilan boyitilgan komputerlar, video konferensiya xonasi, kutubxona, laboratoriya kabi barcha sharoitlar yaratilgan.

“Afg’oniston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi vakillari, Madaniyat vazirligi o’rinbosarlari, maxsus delegatsiya O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda katta memorandum imzoladi. Memorandumga muvofiq, 17 ta oliy ta’lim yo’nalishlari bo’yicha bakalavr va 16 ta o’rta maxsus ta’limini beradigan, memorandumga qo’shimcha diplom beradigan, yana Afg’oniston talabidan kelib chiqqan holda boshqa yo’nalishlarda ta’lim berish bo’yicha kelishib olindi. Agar ular (afg’onistonlik yoshlar) magistratura o’qishni xohlasa, O’zbekistonda bemalol magistrlik uchun sharoit bor. Yana doktorantura bo’yicha talab bo’lsa ham, kelishib olindi. Afg’onistonlik o’qituvchilar makalasini oshirish bo’yicha ham kelishildi. Agar boshqa sohalar uchun talab chiqsa O’zbekiston tomoni bunga tayyor”,- deydi Ro’ziyev.

Uning ta’kidlashicha, markaz domlalari afg’onistonlik yoshlarni vatanparvarlik ruhi, insoniyatga xizmat qilish maqsadi bilan tarbiylashga harakat qilmoqda.

“Yoshlar bilan suhbatlashayotganimizda ularni o’ylantirayotgan masala Afg’onistonda tinchlik masalasi ekanini aytishadi. Ayni payda o’quv adabiyotlari yetishmasligi, ta’lim muassasalaridagi o’quv imkoniyatlari ozligi, ta’lim dargohlarida yetuk mutaxassislar kamligi haqida aytishadi. Biz ular oldiga masala qo’yayapmiz. Bugun O’zbekistonda, tinch bo’lgan bir dargohda, barcha imkoniyatlar yetarli bir markazda o’qiyapsizlar, xo'sh, buni oqlash uchun ertangi kunda siz nima qilasiz? Siz o’shani uddalashingiz kerak degan masalani bosh maqsad qilib qo’yayapmiz. Kelajakda Afg’oniston-O’zbekiston o’rtasidagi haqiqiy siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy ko’prik bo’lasiz degan maqsadni ular oldiga qo’yayapmiz. Afg’oniston deganda har xil noxush voqealar bo’lishi mumkin deb tasavvur qilinadigan hududdan qochish maqsadida, Afg’oniston nimaga qodir ekanligini, uning iqtisodiy jihatdan foydali qazilmalari buyukligi, tarixiy obidalarining eng saralari Afg’onistonda turganligi, u yerda bugun qurilish imkonlari borligi, ertangi kunda Afg’onistonni hech bir davlatdan kam emas ekanligini ko’rsatib berishda sizning ham xizmatingiz bo’lishi kerak degan bosh maqsadini qo’ymoqdamiz”,- deydi Ro’ziyev.

Markaz talabalari bugungu kunda faqat tahsil olish bilan bandgina qolmay, turli kasb-hunarni egallashga ulgurmoqda.

Talabalar Surxondaryoda o’tkazilgan “Navro’z” umumxalq bayramida, “Boysun bahori” hamda Navoiy viloyatida bo’lib o’tgan “Nurli navolar xalqaro folklor festivali kabi anjumanlarga munosib hissa qo’shdi. Ayni holda o’tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, jumladan, “Yoshlar kelajak bunyodkori”, “Do’ppi”, “Onlayn Jurnalist” va “Yuksak ma’vaniyatli avlod” festivallarida markaz talablaridan 21 nafari 1-2-3-o’rinlarni egallaganlar.

Chori Jumayev: Afg'onlar bilan o'tmishimiz bir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:19 0:00

Bugungu kunda Afg’oniston-O’zbekiston o’rtasida qayta tiklangan hamkorlik, aloqalar haqida gap ketayotgan bo’lsa, ikki davlat o’rtasidagi iqtisodiy va tijoriy hamkorlik ancha oshgani e’tirof etiladi. Bu bilan birga madaniy-ma’rifiy, turizm sohasidagi hamkorlik va yaratilgan sharoitni inkor etib bo’lmaydi.

“Afg’oniston bilan O’zbekiston o’rtasidagi do’stlik bugun do’stlik emas, qadim zamonlarda ota-bobolarimizda bo’lgan do’stlik. Navoiylar, Lutfiy, Jomiy kabi o’tmishda bir joyning xalqi bo’lganimizni bildiradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ayniqsa Afg’onistonga ijtimoiy yordam ko’rsatish, kadrlar tarbiyalash bo’yicha, boshqa sohalarda yordam berishda tinib-tinchimay ishlayapti. Men shu markazda iqtisodiyot nazariyasidan dars o’tayapman. Yoshlar birinchi kuni kelganida ular o’zbek tilini bilmasalar qanday bo’larkan deb xavotirda edik. Lekin qisqa vatqda lotin yozuvini o’rganib, biz bilan bab-baravar o’zbek tilida so’zlashib, darslarni savol-javob qilmoqdalar.

Adabiyotlarni yozib olmoqdalar, she’rxonlik qilyaptilar, butun ilmiy mavzularga kirishib ketdilar, qobiliyat borligini namoyon qildilar. Sababi ularda ham ota-bobolarimiz qoni oqmoda… Kelgusi yillardagi rejalarda bu hamkorlik yana kuchayishiga hech shubha yo’q. Afg’oniston bilan O’zbekiston mustahkam do’st bo’lsin deymiz”, - deydi iqtisodiyot fanlari doktori Chori Jumayev.

Markaz o’quvchilari bo’lgan qiz bolalar va o’g’il bolalarga alohida yotoqxonalar yaratib berilgan.

Yangi o’quv yillarida qabul qilinishi kutilayotgan talabalar uchun yangi binolar qurilmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG