Anqara hibsdagi amerikalik ruhoniyni ozod etish talabini rad etgach, Prezident Donald Tramp turkiyalik ikki yetakchi rasmiyga sanksiya qo'llash qarorini ma'qulladi. Turkiya qamoqdagi nasroniy arbobni josuslikda va terrorchi guruhga aloqadorlikda ayblamoqda. So'nggi voqea Vashington va Anqara o'rtasidagi ziddiyatli munosabatlarni yanada sovuqlashtirdi.
Ruhoniy Endryu Branson o'tgan hafta hisbdan uy qamog'iga o'tkazildi. Ammo uni ozod qilib vataniga jo'natish haqidagi talab qondirilmadi. AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens buning oqibatlaridan ogohlantirdi.
"Turkiya bu begunoh e'tiqod odamini zudlik bilan ozod etmasa va uyiga jo'natmasa, AQSh ruhoniy Endryu Branson ozod qilinmaguncha Turkiyaga jiddiy sanksiyalar joriy etadi", - dedi Pens.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an esa bunday tahdidlar Turkiyani mustaqil sud hokimiyatiga aralashishga majburlay olmasligini ta'kidladi.
"Bizga qarshi bunday tahdidlardan hech kim yutmaydi. Vaholanki, biz NATOda AQShga eng yaxshi do'stlikni ko'rsatib keldik", - dedi Erdog'an.
Tramp ma'muriyati 1-avgust kuni Bransonning hibsga olinishiga aloqador ikki rasmiyga qarshi sanksiya e'lon qildi.
"Prezident ko'rsatmasi asosida Moliya vazirligi ruhoniy Bransonning hibsga olinishida yetakchi rol o'ynagan Turkiyaning Adliya va Ichki ishlar vazirlarini jazolamoqda. Har ikki vazirning AQSh yurisdiksiyasidagi mol-mulki muzlatiladi va AQShliklar ular bilan oldi-berdi qilishi taqiqlanadi", - dedi Oq uy so'zlovchisi Sara Sanders.
Bransonning Turkiyada yashayotaniga 20 yildan oshgan.U 2016-yil Turkiyada yuz bergan muvaffaqiyatsiz davlat to'ntarishi ortidan qo'lga olindi.Turkiya rasmiylariga ko'ra, AQShlik dindor isyon yetakchilari bilan aloqada bo'lgan.
Bu sankskiyalar AQSh-Turkiya aloqalarini yanada taranglashtirishi kutilyapti. Busiz ham oxirgi yillar munosabatlar ancha sovuq edi. AQSh asli turkiyalik diniy arbob Fathulla Gulenni ekstraditsiya qilish haqidagi Turkiya talabini bajarmadi. Anqaraning aytishicha, harbiy to'ntarish ortida Pensilvaniya shtatida yashovchi shu shaxs turibdi. Vashingtonga ko'ra esa, Anqara Gulenning isyonga aloqasini tasdiqlovchi yetarli dalil taqdim eta olmagan va shu bois ekstraditsiya talabi qondirilmagan.
AQSh Iroq va Suriyadagi IShIDga qarshi kurashda kurd jangchilarini qo'llagani ham Anqaraning g'azabini qo'zg'adi. Turkiyaning da'vo qilishicha, mintaqadagi kurd jangarilari Turkiyadagi taqiqlangan terrorchi guruh bilan hamkorlik qiladi.
Facebook Forum