Breaking News

Erdog'an Turkiya muammolarida "tashqi kuchlar"ni aybladi


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an tarafdorlari davrasida nutq so'zlamoqda, Istanbul, 29-may, 2018-yil.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an tarafdorlari davrasida nutq so'zlamoqda, Istanbul, 29-may, 2018-yil.

Turkiya siyosatida xorijda tayyorlangan turli siyosiy fitnalar tez-tez tilga olinadigan mavzulardan. Prezident Rajab Toyib Erdog'an ham "tashqi kuchlar" Turkiyani yakson qilish payida ekani haqida bot-bot aytib keladi.

24-iyunga belgilangan prezidentlik va parlament saylovlari arafasida Erdog'an va uning yordamchilari bu ishda har qachongidan ham faollashgani ko'rinmoqda.

2018-yil boshidan beri Turkiya lirasining 17 foiz qadrini yo'qotishida ham tashqi kuchlar ayblandi.

"15-iyul isyoni muvaffaqiyatsiz yakunlangach, ular Turkiya iqtisodiyotini yakson qilish yo'llari ustida ishlay boshladi. Ehtiyot choralarini ko'rish orqali biz eng kam zarar ko'rgan holda bu hujumlarni qaytarishni uddaladik", - dedi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li "Xabar" telekanaliga bergan suhbatda.

"Ayrim davlatlar, moliyaviy institutlar va ribo lobbilari bu ishga aralashgan. Ba'zi musulmon mamlakatlar ham qo'shilgan. Ularning kimligini aytmoqchi emasman, manzarani ko'rsatib bermoqchiman, xolos", - deya qo'shimcha qildi u.

Iqtisodchilar fikricha, turk lirasining tushib ketishiga xorijdan turib uyushtirilgan hujumlar mas'ul emas. Aksincha, deydi ular, Yevropa Ittifoqi Turkiya valyutasining qadrsizlanishidan emas, balki kuchayishidan manfaatdor, chunki Italiya, Ispaniya va Fransiya banklari Turkiya kompaniyalariga milliardlab dollar kredit bergan.

Mutaxassislarning aytishicha, Erdog'an mamlakat markaziy banki qarorlariga aralashishdan to'xtamayapti. Prezident tarafdorlarini norozi qilmaslik uchun, kredit foizlari haligacha oshirilgani yo'q.

Prezident Erdog'an tarafdorlari Istanbulda uning nutqini tinglamoqda, 29-may, 2018-yil.
Prezident Erdog'an tarafdorlari Istanbulda uning nutqini tinglamoqda, 29-may, 2018-yil.

Kreditlar uchun foizning past ushlab turilishi iqtisodiyotning o'sishiga hissa qo'shdi, ammo turk lirasining qadrsizlanishiga sabab bo'ldi. Natijada hukmron partiya tarafdorlari orasida ham Erdog'anning iqtisodiy siyosatini savolga tutayotganlar paydo bo'lmoqda. Ammo, so'nggi so'rovga ko'ra, iqtisodiyotning susayishiga Erdo'gan ko'rsatayotgan sabablarga ishonuvchilar soni 42 foizni tashkil etadi.

Faqat iqtisodiyot emas

Nafaqat iqtisodiyot, balki boshqa jabhalardagi muammolar ortida ham "yovuz kuchlar" turgani iddao qilinmoqda. Tahlilchi Abdulloh Bozkurt fikricha, bu Erdo'gan saylov kampaniyasining ajralmas qismi.

2016-yilgi harbiy isyon ortida AQShda yashovchi diniy arbob Fathulloh Gulen turgani aytiladi. Ayni paytda bu ishga AQShning razvedka idorasi hamda boshqa xorijiy xufya va tadqiqot tashkilotlari aloqador ekani da'vo qilinadi.

Avvalgi saylovlarda ham xuddi shu taktika qo'llanilgan.

Xavfli o'yin

"Erdog'an Turkiyaning ittifoqchilari, do'stlari va savdo hamkorlari bilan qasddan xavfli o'yinga kirishyapti", - deydi Bozkurt.

Shu hafta Turkiya rasmiylari Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronni Erdog'anni diktator deb atagan "Le Point" jurnalini himoya qilgani uchun hujumga tutdi. Erdog'anga oid material chiqqandan beri jurnalga qarshi turli tahdidlar kuchaygan. Makron so'z erkinligini himoya qilgani uchun rasmiy Anqara e'tiroziga uchradi.

"Le Point" nashrining Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'anga bag'ishlangan muqovasi
"Le Point" nashrining Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'anga bag'ishlangan muqovasi

Erdog'an AQShga qarshi tanqidlarini ham kamaytirgani yo'q. May oyi o'rtasida Londonga qilgan safarida u AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko'chirishga qaror qilgan Donald Trampni keskin hujumga tutdi.

Saylov go'yoki G'arbga qarshi olib borilayotgandek.

"Va'da beraman, Britaniyani, Germaniya va Fransiyani yengamiz. Biz o'syapmiz, ular esa so'nib boryapti. Alloh Turk davlati bilan. Shu bois xavotir olmang. Allohning yordami bilan biz yengamiz", - dedi hukumat vaziri Veysel Ero'g'li.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG