Afg’oniston shimolidagi Juzjon viloyatida hukumatga taslim bo’lgan “Islomiy davlat” jangarilari orasida ko’p sondagi balog’at yoshiga to’lmagan bolalar borligi kuzatilmoqda.
Taslim bo’lgan DAISh a’zolari Juzjonning Darzob va Qo’shtepa tumanlarida faol bo’lgan. Asosan, o’zbeklardan iborat jangarilar toliblar bilan bo’lgan 40 kunlik qaqshatqich janglarda qatnashayotgan edi.
Mahalliy aholi iddaosiga ko’ra, “Islomiy davlat” jangarilari Tolibon bilan bo’lgan janglarga chiday olmay, hukumatga taslim bo’lishga majbur bo’ldi.
Lekin shimoldagi DAISh jangarilari yetakchisi Mavlaviy Habib Rahmon ushbu iddaolarini rad etmoqda.
“Juzjon viloyatida milliy xavfsizlik xizmati ishlari raisining va’dalari, bergan ishonchlari yuzasidan jangdan voz kechib sulh dasturiga qo’shildik. Biz bu yerda xavfsizligimiz ta’minlanishini so’raymiz. Bizga berilgan va’dalar amalga oshsa, hukumatga qarshi jang qilayotgan boshqalar ham sulhga qo’shilishi mumkin”,- deydi Mavlaviy Habib Rahmon.
Mahalliy hokimiyat Darzob va Qo’shtepada yopib qo’yilgan maktab ochilishi va hayot normal holga qaytishidan umidvor.
“Odam o’ldirish, qon to’kish ga’yrat belgisi emas. Qurollarini yerga qo’yib vatan obondonligi uchun hissa qo’shish g’ayrat va dadillikdir”, - deydi Juzjon hokimi Lutfullah Aziziy.
Juzjondagi DAISh qo’mondonlaridan biri Mufti Ne’matullah ayrim e’tiqodiy qarama-qarshiliklar sababli “Islomiy davlat” to’dasiga qo’shilganini aytadi.
“DAISh safida mening firkimga qo’shiladiganlar ko’p edi”, deydi u.
Mazkur ikki tumandan Shibirg’on shahriga olib kelingan 250 nafar DAISh a’zolari orasida 13-14 yoshli bolalar borligi ham kuzatilmoqda. Ular soni juda ko’p.
Ular o’z ishini “jihod” deb ataydi.
“U yerda biz Hadis va Qur’ondan dars o’qir edik. Jang vaqtida qurol ko’tarib jang ham qilar edik. O’q otganman, odam o’ldimi, yo’qmi, bilmayman”, - deydi Muhibullah ismli yosh sobiq jangari.
Ko’pchilik jangarilar bilan suhbat qilishga harakat qildik. Lekin ular suhbat qilishdan bosh tordi.
“Chunki biz kattalarimiz qanday qilib kelishganini bilmaymiz”, - deydi ular.
Facebook Forum