Breaking News

Tramp chegara xizmati xodimlarini olqishladi


Xalqaro hayot: noqonuniy muhojirlarga qarshi kurash
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00

AQSh Prezidenti Donald Tramp chegarani noqonuniy muhojirlardan himoya qilayotgan immigratsiya xodimlarini "qahramon" deb atadi. Ular qilayotgan ishni olqishlash uchun immigratsiya xizmatidan 150 zobit Oq uyga taklif qilindi. Ayni paytda chegarada oilalar bir-biridan ajratib qo'yilayotgani yuzasidan jamiyatda norozilik kuchli.

Trampning aytishicha, xavfsizlik xizmatlari chegarada bebaho ish qilmoqda, ammo yetarlicha rahmat eshitmayapti.

"O'tgan yildan beri 1200 tonnadan ortiq noqonuniy va xavfli narkotik moddalar ushlab qolindi. Ko'plab odamlar o'lishi mumkin edi. Mamlakat ichida immigratsiya xodimlari 127 ming ajnabiy jinoyatchini qo'lga oldi. Ular orasida 1800 qotillik, 12 ming jinsiy tajovuz va 48 ming jismoniy zo'ravonlik sodir etganlar bor", - dedi AQSh rahbari.

Trampning bu maqtovlari Kaliforniyada homilador xotinini tug'ruq uchun kasalxonaga olib ketayotgan meksikalik odam yo'lda hibsga olinishidan ikki kun o'tib yangradi.

"Nega qo'lga oldingiz, desam, u haqda bizga xabar tushgan, deyishdi", - deydi muhojirning rafiqasi.

Immigratsiya xizmatining aytishicha, bu shaxs Meksikada qotillikda gumon qilingan va AQSh milliy xavfsizligi uchun tahdid.

Tramp ma'muriyatining hujjatsiz muhojirlarga nisbatan keskin siyosati, ayniqsa, chegarani noqonuniy kesib o'tgan ota-onalardan bolalar ajratib olingani noroziliklarga sabab bo'ldi. Hatto immigratsiya xizmatini qayta qurish kerak deganlar ham bor.

"Ularning missiyasini qayta ko'rib chiqish kerak. Hozirgi ma'muriyat chegara xizmatiga oilalar, iqtisodiyot va hatto ko'chalarimiz xavfsizligi uchun buzg'unchi bo'lgan vazifalar yuklagan", - deydi Los-Anjeles shahar meri Erik Garsetti.

Ota-onalariga qayta topshirish haqida federal sud qarori chiqqaniga qaramay, yuzlab bolalar muhojirlar markazida qolmoqda. Tramp bu masalani tilga olmadi, ammo noqonuniy muhojirlarni himoya qilayotgan shaharlarni qoraladi. U janubiy chegarada devor qurish masalasiga ham e'tibor qaratdi.

"Biz bu yerda o'tirar ekanmiz, Ichki xavfsizlik vazirligi yigit-qizlari mamlakatimizni jinoyat va giyohvand moddalar traffigidan asrash uchun chegarada devor qurmoqda. Har kuni bu devor uzunroq, balandroq va kuchliroq bo'lib boryapti. Buning uchun 3,2 milliard dollar sarflaymiz. Kelasi yili esa 5 milliard dollar kutyapmiz", - dedi Tramp.

Prezidentning aytishicha, Kongressdagi demokratlar qurilishning yo'lini to'sishga urinmoqda. Bu bilan u amerikaliklarni kuzda bo'ladigan oraliq saylovlarda respublikachilarga ovoz berishga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG