Breaking News

Tramp: Devor qurilishiga pul ajratilmasa, hukumatni yopaman


AQSh Prezidenti Donald Tramp Kongress Meksika bilan chegarada devor qurishga pul ajratmasa, hukumatni yopishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Uning aytishicha, devor noqonuniy immigratsiya oqimini to'xtatish uchun kerak.

"Demokratlar devor qurilishi va chegara xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan boshqa choralarni moliyalashni o'z ichiga olgan qonun loyihasiga ovoz berishi zarur", - dedi Tramp.

Ikki bor ovozga qo'yilgan hujjatga so'nggi haftalarda nafaqat demokratlar, hatto bir necha respublikachi qonunchi ham qarshi ovoz bergan.

Trampning aytishicha, Amerika immigrantlarni malakasiga qarab qabul qilish tizimiga o'tishi lozim.

Tramp 2016-yil prezident saylovlari kampaniyasidan beri devor qurish haqida gapirib keladi, bu uning saylov va'dalaridan biri edi.

Hisoblarga ko'ra, devorni qurish 20 milliard dollarga tushishi mumkin, biroq Kongress qo'shimcha chegara xavfsizligi uchun atigi 1,5 milliard dollar ajratdi.

Trampga ko'ra, agar qonun loyihasi sentabr oxirigacha, ya'ni amaldagi moliyaviy yil oxirigacha qabul qilinmasa, hukumat faoliyati uchun ajratilgan pul tugab, davlat idoralarining ishi to'xtab qoladi.

Prezident farzandlari bilan chegaradan o'tishga harakat qilayotgan migrantlarni tanqid qildi. Unga ko'ra, ular Amerikaga kirib olish uchun bolalaridan foydalanmoqda.

Davlat rahbari amaldagi immigratsiya tizimi va qonunlarini zaif deya tanqid qilarkan, qonunchilarni ularni o'zgartirishga da'vat etmoqda. Kongress Vakillar palatasining a'zolari ayni damda besh haftalik ta'tilda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG