Shvetsiya poytaxti Stokgolmda O'zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimovaga pora berganlik ayblovi bo’yicha kutilayotgan mahokama o’zbek hukumati mulozimlarini ham chetlab o’tmasligi ehtimol qilinmoqda. Sud Shvetsiyaning TeliaSonera aloqa kompaniyasi O’zbekiston bozoriga kirish uchun 350 million dollarga yaqin pora berganligi, bu mablag’ kimlarga, qay tartibda to’langanligi masalasini ko’rib chiqadi.
4-sentabr kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda ayni paytda yirik miqdordagi moliyaviy jinoyatlarda ayblanib qamoq jazosini o’tayotgan Gulnora Karimova bilan bog’liq yana bir mahkama o’tishi kutilmoqda.
Unda Gulnora Karimovaga pora berganlikda ayblanayotgan TeliaSonera aloqa kompaniyasi sobiq boshqaruvchilari ishi ko’rib chiqiladi.
O’zbekistonda Ucell brendi ostida ishlagan shirkat boshqaruvchilari mamlakat bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga 350 million dollarga yaqin pora berganlikda ayblangan.
Bir necha yil avval kuzatilgan mojaro ortidan kompaniya boshqaruvchilari iste’fo bergan, kompaniyaning o’zi esa nomini “Telia”ga o’zgartirgan edi.
Pora tarixi 2003-yillarga borib taqaladi. Bu paytda Gulnora Karimova qudrat cho’qqisida edi, O’zbekiston bozoriga kirish istagidagi xorij kompaniyalari buning uchun prezidentning qiziga pora berib kelishgan.
Stokgolmdagi sud Gulnora Karimovaga doir ishning epizodlaridan biri, unga nisbatan yangi jinoiy ish emas. Ammo mahkamada korrupsiyada gumonlanganlar safi kengayishi mumkin, jumladan, hukumat mulozimlari hisobiga ham.
Mahkamada ayblanuvchilar o’zbek aloqa bozoriga kirish uchun porani aynan kimga, qanday usul va shartlar asosida bergani o’rganib chiqiladi.
Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek jurnalisti Qudrat Bobojonga ko’ra, pora uzatilgan yillarda O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish davlat agentligi direktori lavozimini amaldagi Bosh vazir Abdulla Aripov egallab kelgani inobatga olinsa, yirik miqdordagi poradan uning xabarsizligini tasavvur qilish qiyin.
“Sud Gulnora Karimovaning ishini emas, asosan, kompaniya boshqaruvchilari bo’lgan uch nafar fuqaroning ishini ko’rib chiqadi, ya’ni ularning O’zbekiston tomoniga, Gulnora Karimovaga pora berishi masalasini. Pora berish jarayoni o’zbek hukumati a’zolarini chetlab o’tmaydi. Masalan, Abdulla Aripov (Bosh vazir) o’sha paytda Aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan edi. U xorij shirkatlariga aloqa xizmati ko’rsatish litsenziyasini beruvchi asosiy rahbar bo’lgan, o’sha paytda Gulnora Karimovaning ishlariga ham boshchilik qilgan. Qanday qilib uning ruxsati, imzosisiz litsenziya olish mumkin edi? Shu bois mahkamaning ancha qiziq o’tishi kutilmoqda, ya’ni bu pullar qaysi mulozimlarga yetib borgan, kimlarning qo’lidan o’tgan? Bu savollarga shved sudi javob berishi kerak”, - deydi jurnalist.
Ma’lumotlarga ko’ra, Stokgolmda kutilayotgan mahkama jarayoniga O’zbekiston prokuraturasidan ham vakillar guvoh sifatida chaqirilgan.
Yaqinda Shveysariyada Gulnora Karimova ishi bilan bog’liq yana bir sud bo’lib o’tdi. 900 million dollar atrofidagi muzlatilgan mablag’lar taqdiri ko’rilgan mahkamada Karimova advokatining pullarni O’zbekistonga qaytarmaslik haqidagi arizasi rad etildi. Ayni paytda bu mablag’ning O’zbekistonga qaytarilishi ehtimoli oshgan.
O’zbekiston fuqarolik jamiyati faollari bu borada munozarali fikrga ega, ayrimlar mablag’ qaytarilishini qo’llayotgan bo’lsa, boshqalar hukumat korrupsiyadan xalos bo’lmas ekan, mablag’ni qaytarmaslikka chaqirishmoqda.
Qudrat Bobojon fikricha, Shvetsiyadagi mahkama qarori Karimovaning muzlatilgan mablag’lari taqdiriga ham bilvosita turtki berishi mumkin.
“Shveysariya banklaridagi mablag’ O’zbekistonga qaytarilishi mumkin. Shveysariya sudi shunga tayyor, hozircha bu tasdiqlanmagan. Gap, albatta O’zbekiston xalqidan yulingan pullar haqida ketmoqda, bu pullarni hukumatga berishmoqchi. Ammo mablag’ni O’zbekiston hukumatiga qanday shartlar evaziga qaytarilishi haqida hech gap, izoh yo’q. Hamma gap shunda, agar mablag’ hukumatga qaytarilayotgan bo’lsa, demak, shaffoflikni belgilovchi aniq shartlar bo’lishi kerak. O’zbekiston hukumati korrupsiyadan qutuldi deyishga asos yo’q, mana Gulnora Karimova ishiga aloqador ko’rilgan mulozimlardan biri bugun hukumatni boshqarmoqda”, - deydi jurnalist.
Marhum Islom Karimovning to’ng’ich qizi Gulnora Karimova O’zbekiston bosh prokuraturasi tomonidan yirik moliyaviy jinoyatlarda, davlatga katta miqdorda zarar keltirishda ayblangan.
Karimova ayni paytda besh yillik qamoq jazosini o’tayotgani aytiladi, ammo uning qayerda saqlanayotgani noma’lum.
Facebook Forum