Breaking News

Afgʻonistonda birinchi nodavlat bank asoschisi qamoqxonada vafot etdi


Sherxon Farnud 2004-yil Kabul Bankka asos solgan edi.
Sherxon Farnud 2004-yil Kabul Bankka asos solgan edi.

Afgʻonistonning birinchi nodavlat banki asoschisi Sherxon Farnud Bagram qamoqxonasida vafot etdi.

Sherxon Farnud hamkori Xalilullah Feruziy bilan 2004-yil Kabul Bankka asos solgan edi.

Mudofaa vazirligi rasmiylarining maʼlum qilishicha, Sherxon Farnud juma kuni mahalliy vaqt bilan soat toʻqqizda vafot etgan.

Sherxon Farnud va uning hamkori Xalilullah Feruziy 2013-yil korrupsiya aybi bilan besh yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan edi. 2014-yili jinoyat ishi qayta qoʻzgʻatilib, qamoq jazosi 10 yilga uzaytirilgan edi.

Tadbirkorlar va biznesmenlar uning oʻlimini nodavlat biznes sohasida katta yoʻqotish deb hisoblamoqda. Chunki Farnud xususiy sohalarda koʻplab amaliy ishlar qilgan. U asos solgan Kabul Bank filiallari yaqin orada barcha viloyatlarda ochilib ishga tushirilgan edi.

Uning aynan qamoqxonada vafot etgani turli xil savollar tugʻdirmoqda.

Kabul Bank asoschisi Sherxon Farnuzning yaqinlari u qamoqxonada aziyat chekayotgan edi, deb aytmoqda.

2014-yili prezident Muhammad Ashraf Gʻani farmoni bilan qoʻzgʻatilgan Kabul Bank jinoiy ishida Sherxon Farnud va Xalilullah Feruziylar 531 million dollar toʻlashi kerakligini ham qaror qilingan edi.

Kabul Bank

Qisqa muddat ichida koʻpchilik eʼtiborini oʻziga qaratgan ushbu bank xorijda ham oʻzining iqtisodiy va tijoriy loyihalariga ega.

Dubayda yotqizilgan sarmoya Kabul Bank uchun 33 million dollar zarar keltirgan. Shundan so'ng bank mijozlari bankdagi hisoblarini yopishga kirishgan. 912 million AQSh dollari yoʻqotgan Kabul Bank mijozlariga naqd mablagʻ topib bera olmay qoladi. Oʻshanda bank boshqaruvi hukumatga oʻtadi.

Kabul Bank bilan bogʻliq jinoiy ish Hamid Karzay hukumati uchun katta obroʻsizlik boʻldi. Chunki u yuzaga kelgan muammoni butunlay yecha olmadi. Xalq oldida ushbu ishdagi ishonchini yoʻqotdi.

2014-yili prezident almashar ekan, Ashraf Gʻani Kabul Bankdagi poraxoʻrlik, oʻgʻirlangan millionlab dollarlarni qaytarib olishga harakat qildi.

Aslida Prezident Muhammad Ashraf Gʻani korrupsiyaga kurash bobida xalqaro ishonchni tiklamoqchi edi. Bu Gʻani hukumati uchun katta sinov ham edi.

Muhammad Ashraf Gʻani 2014-yili 4-dekabrda Lodonda oʻtkazilgan xalqaro anjumanda qatnashish arafasida Kabul Bank muammosini tugatib oʻzining katta yutugʻi hisoblanishi uchun Kabul Bank jinoiy ishini qayta ochdi. Sud oz muddatda qaror chiqardi.

Sud qaroriga qarshi chiqqan Kabul Bank ijrochi mudiri Xalilullah Feruziy bu qaror prezident Gʻani buyrug'i bilan sodir etilganini iddao qilgan edi. Shoshilinch bilan qabul qilingan bu qaror London anjumani bilan bogʻliq deya norozilik bildirgan edi.

Xalilullah Feruziy hozir ham hibsda.

Afgʻoniston korrupsiya ildiz otgan oʻlka

Afgʻoniston korrupsiya bobida yetakchi davlatlardan biri. Vazirlar, hokimlar, deputatlar, hatto hukumatda ishlayotgan oddiy, quyi mansabdagi xodimlar poraxoʻrligi ommani qiynayotgan masala.

Hukumat korrupsiyaga jiddiy kurashamiz deya iddao qilayotgan boʻlsa-da, yulgʻichilikni yoʻqotishga muvaffaq boʻlmagan.

Bu orada adliya boʻlimlari yopiq idoralar boʻlgani uchun u yerdagi fasod ancha avjida ekani aytiladi. Afgʻoniston adliya boʻlimlari matbuot va xalqqa hisob-kitob berishda birinchi yopiq organlar hisoblanadi. Aynan shu sababdan ham u yerda poraxoʻrlik ancha yuqori ekani aytiladi.

Xalqaro bosim ham Afgʻonistondagi korrupsiyani kamaytirishda samara bermayapti.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG