Bundan 50 yil oldin avgust oyida Sovet Ittifoqi o'zining hamkori deya sanalgan Chexoslovakiyani bosib olgan edi. Kutilmaganda, Moskvada bunga qarshi norozilik namoyishi bo'lib o'tgan. Bu sobiq Sovet Ittifoqi tarixidagi noyob hodisalardan biri.
1968-yil avgust oyida Sovet tanklari kommunist Chexoslovakiyaga bostirib kirdi.
Sovet hukumati buni "do'stona yordam" deb atagan. Ammo bosqin mamlakatdagi demokratiya tarafdori bo'lgan faollarning noroziligiga sabab bo'lgan.
"Chexlar islohot boshlaydi va bu nafaqat chexlarga, balki Rossiyadagi bizlarga ham yordam beradi, degan umid bor edi", - deya eslaydi faol Pavel Litvinov.
Litvinov chex va slovak faollarini qo'llab-quvvatlab namoyish uchun Qizil maydonga borgan sakkiz rossiyalikning biri edi. O'shanda Pavel 28 yosh bo'lgan. Kreml soatlari 12 ga bong urishi bilan ular "Sizlarning va bizning ozodligimiz uchun" deb yozilgan plakatni baland ko'taradi.
Namoyish bir necha daqiqa davom etadi, xolos. Ular politsiya tomonidan kaltaklanib, hibsga olinadi.
"Men va do'stlarim "sovetlarga qarshi propaganda" uchun kamida yetti yil mehnat lageriga surgun qilinsak kerak deb o'ylagandim", - deydi Litvinov.
U Sibirdagi konda ishlash uchun besh yilga surgun qilinadi. Keyinroq AQShga ko'chib keladi. Qolgan do'stlari ham shu kabi jazolarga giriftor bo'ladi, ruhiy kasalxonalarga joylashtiriladi. Bu voqea Rossiyadagi demokratiya va qarshilik harakati uchun tarixiy lahza edi.
"Odamlarning surgunga yoki qamoqqa ketishi behuda bo'lmadi. Chunki bu hamma tez unutadigan oddiy namoyish emas edi. Uning aks-sadosi keng bo'ldi", - deydi kinoijodkor Kseniya Saxarova.
Ammo bugungi so'rovlarning ko'rsatishicha, rossiyaliklarning yarmidan ko'pi 1968-yilgi bosqin haqida bilmaydi. Qizil maydondagi namoyishni biladiganlar undan ham kam.
"35 yoshdan kichiklar bu voqealar haqida bilmaydi. Lekin u xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan. O'sha lahzadan boshlab Sovet Ittifoqi darz ketishni, odamlar erkinroq bo'lishni boshladi", - deydi Alisa ismli talaba.
Sovet Ittifoqi endi yo'q, ammo Rossiyada muxlofiyat vakillari va faollarga qarshi davlat tazyiqi hanuz kuchli.
Kreml Ukraina bilan yashirin urushga tortilgan. 1968-yilgi namoyishchilarning yaqinlari hozirgi voqealarda o'tmishning aksini ko'rmoqda.
"U paytda hikoya Chexoslovakiyada erkinlik tanklar ostida qanday boy berilgani haqida edi. Hozir esa rossiyaliklar qanday erkinlikni qo'lga kiritgani va so'ng uni yo'qotayotgani haqida. Bugun tanklar nafaqat Qizil maydonda, balki Ukrainada va Qrimda ham bor", - deydi Qizil maydondagi namoyish qilgan faolning farzandi Yaroslav Gorbanevskiy.
1968-yilgi voqealarni xotirlar ekan, Litvinov Kremlni hozirgi siyosiy mahbuslarni qamoqdan ozod qilishga chaqiradi.
Oradan yarim asr o'tganiga qaramay, erkinlikdan ko'ra unga qo'yilgan chekovlar ko'proq. Ko'p narsa o'zgarmagandek.
Facebook Forum