Breaking News

Konslagerdan Nobel mukofotigacha: ukrainalik yahudiy bolaning taqdiri


Ukrainalik yahudiy bolaning taqdiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

27-yanvar - dunyo bo'ylab Xolokostni xotirlash kuni. Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlarning Yevropadagi konslagerlarida millionlab yahudiylar va boshqa ozchilik elat vakillari halok bo'lgan. Omon qolganlar orasida ukrainalik oila tomonidan qutqarilgan yahudiy bola ham bor edi. U ulg'ayib kimyo bo'yicha Nobel mukofotini qo'lga kiritgan.

Rold Xofman 1937-yil muhandis Hillel Safran va o'qituvchi Klara oilasida dunyoga kelgan. Nemis kuchlari ularning shahrini egallab olgach, oila konsentratsion lagerga jo'natilgan. 1943-yil Klara o'g'li bilan lagerdan qochib, qishloqdagi maktab boloxonasiga yashiringan.

"Tomga chiqqanimda besh yarim yosh edim. U yerdan chiqqanimda yetti yosh bo'lganman", - deydi u.

Yana uch oila a'zolari bilan Klara va Rold tomdagi uychada 15 oy yashagan.

"Tashqarida o'ynayotgan bolalarni tomosha qilardim. Ular erkin edi. Rosa havas qilardim. Tashqariga chiqa olmasdim, yuvosh bola bo'lganman",- deya eslaydi Xofman.

Maktab o'qituvchisi Mikola Dyuk rafiqasi Mariya va uch farzandi bilan maktab binosida yashagan.

"Maktab tomiga beshta odamni yashirib qo'yishgan. Bir emas, besh kishi. Buni o'z hayotlarini xavf ostiga qo'yib qilishgan", - deydi Xofman.

Urushdan so'ng Klara va uning o'g'li Polsha, Chexoslovakiya, Avstriya va Germaniyada qochoq bo'lib yashadi. Onasi qayta turmush qurgach, Rold oilasi bilan AQShga ko'chib keladi. Maktabda a'lo baholarga o'qidi. So'ng Garvard universitetida tahsil oldi. Doktorlik ishini Kolumbiya universitetida yoqladi. 1981-yil 44 yoshida kimyo bo'yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.

"Bu ishni boshlashimizdan bir yil o'tiboq Nobel mukofotiga arziydigan ish qilganimni bilgan edim. Bu ishni juda yoshligimda, 27-28 yoshimda qilganman. Shunga qaramay, kutilmagan ish bo'ldi. Darhol onamga qo'ng'iroq qildim. Onam bilan juda yaqin bo'lganman", - deya eslaydi Xofman.

Olim umrini Kornel universitetida dars berishga bag'ishladi.

"Tadqiqoti butun sohani, organik kimyodan tortib, anorganik va metalloorganik kimyogacha qamrab olgan", - deydi kimyo professori Stiven Goldberg.

Ilmiy ish bilan cheklanib qolmay, Xofman badiiy ijodga ham mehr qo'ygan. So'nggi dramasi Ikkinchi jahon urushida ukrainalik oila tomonidan asrab qolingan yahudiy oilasi haqida. Asarda bo'lganidek, Xofman ham o'zining hayotini saqlab qolgan oila bilan aloqani uzmagan.

"Ukrainada tug'ilganimdan juda baxtiyorman. Agar o'sha yerda qolganimda, Lvovda yaxshi psixiatr bo'lishim mumkin edi. Bu taqdirim emas ekan. Bu yerda ham baxtsiz emasman. Yaxshi karyeram, oilam bor. Baxtliman. Dyuk oilasidan abadiy minnatdorman. Agar Mikola va Mariya Dyukning yaxshiligi bo'lmaganda, men bu yerda bo'lmasdim", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG