1940-yilning yozida Litvadagi yapon diplomati Ikkinchi jahon urushidan aziyat chekkan ko'plab oilalarning kelajagida tub burilish yasadi. Bu qanday bo'lgan edi? "Amerika Ovozi" yaqinda bu diplomat avlodlari va undan yordam ko'rgan oilalar o'rtasida yuz bergan uchrashuvda qatnashdi.
28 yoshli Ariel Salomon talaba, u baxtli hayoti uchun shukr qilishi lozimligini yaxshi biladi.
"Omadim bor ekan, urushdan xoli o'sib-ulg'aydim", - deydi u.
Shunga qaramay, Salomonning taqdirida urushning o'rni bor.
"Tarixning betakror sahifasi bu", - deydi u.
Germaniya 1939-yil Polshani bosib olganda, Arielning bobosi Abram Salomon Xolokost deb nomlanuvchi fashistlar qirg'inidan qochib Litvaga keladi.
"Uning butun oilasi o'ldirilgan, faqat o'zi va akasi tirik qolgan", - deydi Ariel.
Bir odam tufayli ular omon qolgan.
"Odamlar bobomni yapon Shindleri deb atashadi", - deydi shu odamning nevarasi.
Chihiro Sugiharaning bobosi Chiyune o'sha payt Litvadagi Yaponiya konsulligida diplomat bo'lgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, ko'plab yahudiy qochoqlari Gitler genotsididan qochib, Yaponiya vizasi uchun ariza topshirgan.
Hukumat buyrug'iga bo'ysunmay, Chiyune Sugihara va uning rafiqasi 1940-yil olti ming yahudiyga viza bergan. Ular orasida Arielning bobosi ham bor edi.
"Biz bobomning vizasini uyga osib qo'yganmiz. Bu ajoyib voqeadan esdalik sifatida", - deydi Ariel.
Simon Vizental markazi ma'lumotiga ko'ra, bugun Ariel kabi 40 ming odam Chiyune Sugihara tufayli hayot. Urushdan so'ng Chiyuneni qilgan ishi tufayli vatanida e'tiborsiz qoldirishgan. O'zi ham biror rag'bat istamagan. Qilgan ishi haqida deyarli og'iz ochmagan.
"Yahudiylikda eng yaxshi ehson maxfiy qilingan yaxshilikdir. U bu ishni maqtov uchun emas, balki qilish lozim bo'lgani tufayli amalga oshirib, haqiqiy namuna bo'ldi", - deydi Illinoys Xolokost muzeyi xodimi.
Chiyune bu ishi uchun Isroilning "Millatlar yaxshisi" degan unvoniga sazovor bo'lgan.
"U haqiqatdan ham qahramon", - deydi muzey vakili.
"Qahramon? U qahramon bo'lishni xohlamagan. Qilish kerak bo'lgan ishni bajargan, xolos", - deydi Chiyunening nabirasi Chihiro.
Uning bobosi bergan vizalardan biri Illinoysdagi Xolokost muzeyida ko'rgazmaga qo'yildi. Bu yerda Ariel Salomon Sugiharalar oilasi bilan ilk bor yuz ko'rishib, bobosi uchun yapon diplomatiga minnatdorlik bildirish imkoniyatiga ega bo'ldi.
"Bu juda his-hayajonli lahza", - deydi Ariel.
"Gapirishga til ojiz, lekin hayoti saqlab qolingan kimningdir avlodi bilan uchrashish har doim yoqimli", - deydi Chihiro.
Suhigaralar oilasi bobosi ko'rsatgan mehr-shafqat haqidagi hikoyalarni dunyo bo'ylab ko'p eshitgan.
"Men uchun u yaxshi bir bobo, xolos",- deydi Chihiro.
U ayrimlar uchun yaxshi bobo bo'lishi mumkin, lekin ko'pchilik uchun xaloskor.