Breaking News

Isroilda urush davrida yo'qolgan san'at asarlari qidirilmoqda


Isroilda urush davrida yo'qolgan san'at asarlari qidirilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:35 0:00
Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar tomonidan o’g’irlangan san’at asarlarini topishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlar davom etmoqda. Isroilda, masalan, muzeylar o’z kolleksiyalari orasida o’g’irlangan asarlar bor-yo’qligini tekshirishga buyurilgan.

Isroil rasmiylariga ko’ra, II Jahon urushidan so’ng fashistlar tomonidan og’irlangan minglab san’at asarlari egasi topilguncha saqlab turish uchun Isroilga jo’natilgan.

Davlatga qarashli qo’mita hozir o’ldirilgan yahudiylarga tegishli va egasi chiqmagan osori atiqalarni muzeylardan topish bilan shug’ullanmoqda.

Shu maqsadda muzey rahbarlariga urush davridan qolgan asarlarni tekshirish bo’yicha ko’rsatma berilgan.

Qo’mitaga Xolokost restitutsiyasi tahskiloti rahbari Isroil Peleg yetakchilik qilmoqda.

“Urushdan so’ng kamida 400 ta tasviriy san’at asari Isroilga keltirilgani ma’lum. Isroil muzeyi bunday asarlar ro’yxatini e’lon qildi. Endi boshqa muzeylar ham shunday qilishi kerak. Hozir ular bizning talabga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda”, - deydi u.

Pelegning umid qilishicha, egasi chiqmagan asarlarni vafot etgan egalarining avlodlari qo’liga topshirish mumkin.

“Bu ish ortida turgan asosiy maqsad shuki, Xolokost qurbonlariga tegishli bo’lgan san’at asarlarini bugun ularning oilalariga qaytarish kerak”, - deydi u.

“Germaniyaga qarshi yahudiylarning mulkiy da’volari” nomli tashkilot vakili Vesli Fisher Isroil ko’rayotgan choralarni qo’llab-quvvatlaydi.

“Mulkiy da’volar bo’yicha tashkilotimizda va butun dunyo yahudiylar tashkilotida ishimizni bajarar ekanmiz, ko’pincha, san’at asarlari, kutubxonalar va qo’lyozmalar haqida gap ketganda, Isroilga nimalar yuborilganini bilmasdan turib nima qayerda ekanini aniqlay olmaymiz”, - deydi u.

Mamlakatning eng katta Isroil muzeyi fashistlar o’g’irlagan ko’plab san’at asarlarini topib, egalariga qayatarishga muvaffaq bo’ldi.

Muzeyga Jeyms Snayder rahbarlik qiladi.

“Bizning muzey Isroil ichida bo’lgani uchun II Jahon urushida boy berilgan asarlarni egalariga qaytarishda boshqalarga o’rnak bo’lishimiz kerak”, - deydi u.

Isroilda Xolokost qurbonlarining egasi chiqmagan mol-mulklari haqida bundan uch yil oldin ham ancha gap-so’z bo’lgan. O’shanda Isroilning yetakchi banklaridan biri urush oldidan bankka pul qo’ygan, ammo urushdan omon chiqmagan mijozlarning bugungi merosxo’rlariga 37 million dollar to’lashga rozi bo’lgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG