Breaking News

Nom-nishonsiz yo'qolgan migrantlar - ularni kim qidiradi?


O'tgan yili milliondan oshiq migrant va qochqinlar Yevropada boshpana olib, yangi hayot boshladi. Joriy yilda ham oqim kamayishi kutilmayapti. Turkiyadan Gretsiyaga, Shimoliy Afrikadan Italiyaga suzib o'tayotganda suvga g'arq bo'lganlar qatorida bedarak ketganlar ham minglarni tashkil etadi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti direktori Vilyam Leysi Sving so'zlariga ko'ra, ko'plab migrantlarning taqdiri jumboq.

"Qancha odam o'lgani yoki yo'qolganini hech kim bilmaydi", - deydi u. "Ro'yxatga olinganlar bor, ular haqida ma'lumot topsa bo'ladi. Masalan, o'tgan yili migratsion yo'nalishlarda 5300 dan ortiq kishi halok bo'lganini bilamiz. Ammo cho'lu-biyobonlarda o'lganlar bu raqamga kirmaydi".

2013-yilning oktabrida "Daraksiz yo'qolgan migrantlar" loyihasi boshlangan. Uni Xalqaro migratsiya tashkiloti va shu masala bilan shug'ullanuvchi xalqaro komissiya birgalikda yuritadi. O'sha yili Italiyaning Lampedusa oroli yaqinida kemalar cho'kib, afrikalik yuzlab qochqinar o'lgan edi.

Aksar hollarda ularning jasadlari topilmaydi, suvdan chiqarib olinganlarning shaxsi aniqlanmaydi.

"Uy-joyini tashlab ketgan bu odamlarni boshqa hech kim ko'rmagan, eshitmagan. Ayniqsa oilalariga, yaqinlariga ruhan juda qiyin, chunki nima bo'lganini bilishmaydi. Jasadlar aniqlanmaganidan keyin ularga biror xabar ham yetkazilmaydi", - deydi migratsiya tashkiloti rahbari.

Oilalar huquqiy jihatdan ham qiyin bir ahvolda.

"Erim yoki xotinim tirikmi yoki yo'q? Bevalik, mulkni bo'lib olish masalasi - bular yechilmay qolib ketadi. Chunki jasadni topishning imkoni yo'q", - deya tushuntiradi Leysi Sving.

Millionlab odamlarni yo'lga chiqishga majburlayotgan omillar ko'p.

"Asosiy sababi - uzluksiz, yechimsiz mojarolar. Afrika qit'asida Ebola virusi, Nigeriyada Boko Haram jangarilari, Liviya, Yaman, Janubiy Sudan, Afg'oniston va Iroqda urushlar. Va eng katta omillardan biri - Suriyadagi fuqarolik urushi".

Bu mintaqalardan millionlab fuqaro Yevropaga oqib kelgani Ikkinchi jahon urushidan buyon eng yirik inqiroz deya ta'riflanganini ko'p eshitganmiz. Biroq Xalqaro migratsiya tashkiloti masalaga boshqacha nazar bilan qaraydi.

"Migratsion inqiroz emas. Gap bu yerda davlatlar muammoni birgalikda uddalay olmaganida, qarorlarini muvofiqlashtira olmaganida. Qochqinlar katta sonda borgan hududlarda mas'uliyat va vazifalar teng taqsimlanishi lozim edi", - deydi suhbatdosh.

Xalqaro tashkilotlarga ko'ra, bedarak yo'qolgan qochqinlarni topish u yoqda tursin, xalqaro hamjamiyat migratsiyaga oid muammolarni qanday yechish borasida biror strategiya ishlab chiqqani yo'q. Hukumatlar bir to'xtamga kelmaguncha talafotlar oshaveradi.

Masalan, samolyot qulaganda, deydi Sving, barcha yo'lovchilar va ekipaj a'zolari topilmaguncha qidiruv ishlari davom etadi. Migrant va qochqinlar bilan to'la kema suvga cho'ksa, yondashuv boshqacha. Ko'pincha ularning o'zi bilan hujjati yo'q. Sug'urta kompaniyalari ham qiziqish bildirmaydi.

"Daraksiz yo'qolgan migrantlar" loyihasi 160 davlatda jami 10 ming odamning yordamiga tayanadi. Maqsad - nom-nishonsiz yo'qolganlar haqida ma'lumot to'plash, kimligini aniqlash.

Ishning katta qismini hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borayapmiz, deydi Leysi Sving. Biz e'lon qilgan raqamlarga qarab, oilalar uchun katta bir fojia ekanini anglagan holda ko'ngillilar bu loyihaga qo'shilyapti, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG