Faktlarni o'rganuvchi BMT missiyasi Myanmada rohinja musulmonlariga nisbatan sodir etilgan genotsid uchun mamlakat bosh generali va bir qator qo'mondonlarni tergov qilishni va jazolashni tavsiya qildi.
O'tgan yili avgustda harbiylarning vahshiyona hujumi ortidan 700 mingdan ortiq rohinja musulmonlari Myanmaning Rakxayn shtatidan qo'shni Bangladeshga qochib o'tgan edi.
Ular och-nahor va majruh holda edi; so'zlab berganlari esa faqat dahshatli voqealar.
"Vahshiylik, jinoyat ko'lami hamda zo'ravonlik va zo'rlashlarning tizimli davom etgani bu ishlar tinch aholini jazolash, qo'rqitish va tahdid ostiga olish uchun qasddan qilinganini ko'rsatadi. Zo'rlash, guruh bo'lib zo'rlash, jinsiy qul qilish, majburiy yechintirish va majruh qilish urushning taktik qurollari sifatida qo'llanilgan", - deydi BMT vakili Radika Kumarasvami.
BMT guruhi xulosasiga ko'ra, rohinja jangarilari hujumiga qarshi Birma armiyasi ko'rgan chora "darhol, o'ta shafqatsizlarcha va haddan ziyod miqdorda" amalga oshirilgan va ko'p ehtimol bilan oldindan rejalangan. Eng dahshatli urush jinoyati bu, deydi rasmiylar.
"Jinoyatlar ataylab harbiylar tomonidan qilingan. Missiyaning xulosasi shuki, jinoiy tergov va jazo muqarrar, e'tiborni armiyaning yetakchi generallariga qaratish kerak. Xalqaro huquqdagi uchta jinoyat kategoriyasi - genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar hamda urush jinoyatlari bo'yicha ish ochilishi kerak", - deydi BMT rasmiysi Kristofer Sidoti.
Oltita general, jumladan, Myanma oliy bosh qo'mondoni Min Aun Xlan javobgarlikka tavsiya qilingan.
Mamlakat hukumati bunday jinoyatlar sodir bo'lganini inkor etadi. Hisibot chiqishidan oldin Myanmaning BMTdagi elchisi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo'ldi.
"Oldin ham aytganmiz, bu etnik tozalash emas, genotsid emas. Bunday ayblov jiddiy dalil talab qiladi. Huquqiy isbot ham kerak. Bular juda nozik masalalar. Xavfsizlik kuchlariga bunday ayblov qo'yilishini mutlaqo rad etamiz", - dedi Myanma elchisi Hau Do Suan.
BMT guruhi Xavfsizlik kengashidan tekshiruv natijalarini Gaagadagi Xalqaro Jinoiy sudga oshirishni so'ramoqda. Jinoyatchilarga qarshi xalqaro sanksiyalar, jumladan, Myanmaga qurol embargosi qo'yish ham so'ralgan.
Guruh, shuningdek, jinoyatlarning oldini olish yoki vaziyatni yengillashtirish bo'yicha zarur choralarni o'z vaqtida ko'ra olmagani uchun BMTni tanqid qiladi.
Myanmalik inson huquqlari faoli, Nobel mukofoti sohibi Au San Su Chi ham voqeani tanqid qilmagani va uni to'xtatishga urinmagani uchun qoralangan.
Facebook Forum