Breaking News

Yangi kitob: Tramp johil va Oq uy biror ishga yaroqsiz


Jurnalist Bob Vudvordning Prezident Trampni fosh etgan yangi kitobi muqovasi
Jurnalist Bob Vudvordning Prezident Trampni fosh etgan yangi kitobi muqovasi

Prezident Donald Trampga yangicha nazar tashlagan kitob AQSh rahbarini dunyo ishlaridan mutlaqo bexabar, Oq uyni esa biror ishni eplolmaydigan hamda ichki adovat girdobiga tortilgan ma’muriyat sifatida tasvirlaydi.

Afsonaviy jurnalist Bob Vudvordning yangi kitobi “Qo’rquv: Oq uydagi Tramp ” deb nomlanadi. Asar 20 oylik Tramp prezidentligi davrida bevosita u bilan ishlagan shaxslar bilan qilingan yuzlab soatlik intervyular asosida yozilgan. Unda 2016-yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi yuzasidan maxsus prokuror Robert Myuller olib borayotgan tergovdan AQSh lideri xavotirda ekaniga urg’u beriladi.

Vudvordning yozishicha, Trampning sobiq advokati Jon Dovd prezidentni ehtimoliy savol-javobga tayyorlanish uchun Tramp bilan tajriba intervyusini o'tkazadi. Tramp savollarga dosh bera olmay, g'azabdan baqirib yubordi, deb yozadi muallif.

“Bu qip-qizil yolg’on, - degan Tramp so’rov haqida. - Men hech qanday ko’rsatma berishni istamayman”.

Vudvordning yozishicha, bunga javoban Dovd, agar Myuller qarshisida javob berayotgan bo’lganingizda, bu ishingiz qamoqxonaning sariq rangli formasini kiyish bilan yakun topgan bo'lardi, deb aytgan.

Keyinroq Tramp Dovdga “Men yaxshi guvoh bo’laman” deb ham aytgan.

“Siz yaxshi guvoh bo’lolmaysiz. Janob Prezident, sizga yordam bera olmayman”, - deb javob bergan Dovd.

Ertasi kuni Dovd o’z lavozimidan ketishini e'lon qilgan.

Vudvord o’n yillar avval “Vashington Post” gazetasining yosh muxbiri sifatida Oq uy bilan bog’liq korrupsiya mavzusida yozgan surishtiruv materiallari bilan Prezident Richard Niksonning iste’fo berishiga sababchi bo’lgan edi. U yangi kitobida Oq uyning amaldagi va sobiq rasmiylaridan iqtibos keltirgan holda beparvo Trampning prezidentlik maqomidagi xatti-harakatlaridan hikoya qiladi.

Tramp o'z harakatlarining dunyo xavfsizligiga qanday ta’sir ko’rsatishi mumkiligi haqida qiziqmaydi va kundalik yangiliklardan mutlaqo bexabar, deb yozadi u.

Vudvordning Tramp bilan intervyu olish maqsadidagi urinishlari zoye ketgan. Prezident jurnalist bilan keyinroq uchrashishga qaror qilganda qo’lyozma allaqachon tayyor bo’lgan edi.

Ayni paytda “Vashington Post”ning hamkor muharriri sanalgan Vudvordning yozishicha, Oq uy shtabining amaldagi rahbari Jon Kelli Trampni “ahmoq” va “beqaror” deb atagan. Shuningdek, Mudofaa vaziri Jim Mattis Tramp ongi “beshinchi yoki oltinchi sinf o’quvchisining darajasida” deb aytgan.

“U ahmoq. Uni biror narsaga ishontirishga urinish befoyda. U yo’ldan toyib ketgan. Biz aqldan ozgan shaharda yashayapmiz. Men biz bu yerda nima qilayotganimizni ham tushunmayman. Bu mening faoliyatimdagi eng rasvo ish”, - deyiladi Kellidan keltirilgan iqtibosda.

Vudvordning yozishicha, Tramp dunyo xavfsizligi yoki AQSh manfaatlariga tahdid solishi mumkin bo’lgan qarorlarni imzolab qo'yishining oldini olish maqsadida yordamchilar ko’pincha Oval ofisda prezident stolida turadigan ba’zi hujjatlarni olib qo’yishiga to’g’ri kelgan. Muallif buni “ma’muriy to’ntarish” va ijro hokimiyatining “asabiy bezovtaligi” deb ataydi.

Shuningdek, Vudvord Trampning o’z yordamchilari ortidan tez-tez haqorat qilib gapirishiga ham alohida to’xtaladi. Jumladan, prezident o’zining Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi MakMasterning arzon kiyimlar kiyishini va ana shu qiyofada “pivo sotuvchisiga o’xshashi”ni aytgan. Prezident o'z shtabining birinchi rahbari Reyns Pribusni “kichik kalamush ga o'xshab atrofda chopib yuradi” deb haqorat qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG