Uch oydan so'ng AQSh Kongressiga oraliq saylovlar bo'lib o'tadi. Uning natijasi Donald Tramp prezidentligi bundan buyon qanday kechishini ham belgilab berishi mumkin. Partiyaviy kurash va ayrim erta saylovlarning ko'rsatishicha, demokratlar ancha faol. Ayni paytda Tramp tarafdorlari ham bo'sh kelayotgani yo'q.
Oq uy yonida namoyish. Ham san'at, ham e'tiroz mujassam tadbirda qiziqchi Rozi Odonnel ham ishtirok etmoqda.
"Prezident aniq-tiniq bilib qo'ysin: biz tirikmiz va uyg'oqmiz. Hech qayerga ketmaymiz", - deydi Odonnel.
Partiyaviy kurash va ayrim erta saylovlarning ko'rsatishicha, demokratlar kurashda Trampga asosiy e'tibor qaratmoqda. Senator Berni Sanders ham ular bilan.
"Odamlar oyoqqa qalqmoqda, qarshi kurashmoqda va mamlakatni siyosiy hamda iqtisodiy o'zgartirish uchun birlashmoqda", - deydi u.
Prezident Tramp respublikachi nomzodlarni qo'llab kampaniya olib bormoqda. Maqsad demokratlar ko'proq o'rin egallashiga yo'l qo'ymaslik.
"Amerikani yana hurmat qilishyapti, Amerika yana yutyapti. Nihoyat Amerikani birinchi o'ringa qo'yyapmiz", - deydi Tramp.
Bu gaplar uning tarafdorlariga ma'qul. Respublikachilar bundan foydalanmoqda.
"AQSh elchixonasi Quddusga ko'chdi, Shimoliy Koreyadan asirlar olib kelindi. Prezident yetakchiligi ostida qilindi bu ishlar", - deydi respublikachi qonunchi Jim Jordan.
Saylovda ikki partiya kurashi juda murosasiz bo'ladi, deydi tahlilchi Jon Fortier.
"Ular saylovchilarini olib chiqadi. Lekin, nazarimda, demokratlar g'ayratini yengish qiyin bo'ladi. Demokratlar Vakillar palatasini qo'lga kiritish imkoniyatiga juda yaqin yoki ko'p o'rinlarni egallashadi", - deydi u.
Trampning yordami ayrim respublikachilarga qo'l kelishi mumkin, lekin u demokratlar uchun ham qurol, deydi Jon Hudak.
"Mamlakat bo'ylab ko'plab joylarda prezidentning gapi respublikachi nomzodga foydadan ko'ra ko'proq zarar keltirishi mumkin. Prezident qaysi shtatga va okrugga borayotganiga ehtiyotkorlik bilan yondashishi kerak", - deydi u.
So'rovlarga ko'ra, ishchi sinf saylovchilar Trampga hanuz sodiq, lekin ayollar va qishloq aholisi undan yuz o'girishi mumkin, deydi tadqiqotchi Maykl Baron.
"Oliy ma'lumotli, o'ziga to'q saylovchilar Donald Tramp va respublikachilar partiyasi haqida kuchli salbiy qarashga ega. Ular ovoz berishga shay", - deydi u.
Har ikki partiyaga mansub faollarning aytishicha, oraliq saylovlar Tramp prezidentligi haqida referendum vazifasini ham o'taydi.
Facebook Forum