Breaking News

Pompeo: Tinchlikdan avvalo Afg'oniston manfaatdor bo'lishi kerak


(Chapdan o'ngga) AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj. Hindiston, 2018-yil, 6-sentabr.
(Chapdan o'ngga) AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj. Hindiston, 2018-yil, 6-sentabr.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Pokiston va Hindistonga tashrif buyurib, Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga doir muzokaralar olib bordi. Hindistonda davlat kotibiga Mudofaa vaziri Jim Mattis ham hamrohlik qildi.

Pokistonga qisqa tashrif ortidan Mayk Pompeo Hindistonda iliq kutib olingan. Islomobod bilan ikki tomonlama aloqalar sovuqlashgan. Pokistonning Tolibon jangarilarini pinhona dastaklayotganiga doir ma’lumotlar munosabatlarni izdan chiqargan. Afg’onistonda tinchlikka erishish Pompeo va Mattis tashrifining asosiy maqsadi hisoblanadi.

“Zimmamizdagi vazifa Afg’oniston nizolariga tinch yo’l bilan yechim topishga harakat qilish va uni ishlab chiqishdan iborat. Bundan eng avvalo Afg’oniston, shuningdek, AQSh va Pokiston ham manfaatdor bo’lishi kerak. Umid qilamanki, biz bugun o’rnatgan poydevor kelgusida bardavom muvaffaqiyatlar uchun zamin yaratadi”, - deydi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Afg’on urushiga yakun yasashga doir bir qator urinishlar zoye ketdi. Biroq mutaxassislar aynan hozir tinchlik jarayonlarini boshlash uchun real imkoniyat borligini ta’kidlamoqda. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi xodimi Robin Rafel “Amerika Ovozi” bilan suhbatda afg’on xalqining urush va Tolibondan charchagani va boshqa toqat qila olmasligini aytgan.

“Afg’oniston parchalanib, ikkinchi Suriyaga aylanishi mumkin degan xavotirlar bor. Barcha manfaatdor tomonlarning nigohi ana shu vaziyatga qaratilgan. Shunday ekan, imkoniyatlar bor. O’ylaymanki, ayni paytda Pokiston yangi hukumati ham o’z strategiyasini qayta ko’rib chiqishi kerak”, - deydi Rafel.

Muhbirlar bilan suhbatda Pompeo AQShning Afg’onistondagi sobiq elchisi Zalmay Halilzodni murosaga erishish masalalariga mas’ul vakil etib tayinlaganini ma’lum qilgan. Rafel bu qarorni qo’llab-quvvatlaydi.

“Bu tayinlov AQSh siyosatini ifoda etadigan oliy martabali tajribali diplomat orqali jiddiy siyosiy yo’l bo’lishi lozimligining anglab yetilganini ko’rsatadi. Diplomat Halilzod nafaqat Afg’onistondagi manfaatdor tomonlar, balki mintaqadagi yetakchi tomonlar bilan ham umumiy til topish va ilgari qadam tashlash uchun muzokaralar olib boradi deb o’ylayman”, - deydi Rafel.

Pompeo va Mattis Hindistonni tinchlikka erishishni rag’batlantirish maqsadida iqtisodiyot va taraqqiyot borasida Afg’onistonga kengroq yordam ko’rsatishga chaqirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG