Breaking News

Dunyo liderlari uchrashuvidan nima kutish mumkin?


Prezident Donald Tramp 24-sentabr kuni dunyoning boshqa yetakchilari qatorida BMTning yillik sammitida ishtirok etadi. Uchrashuv kundalik tartibi urushlardan tortib iqlim o’zgarishigacha, qashshoqlikdan kasalliklargacha bo’lgan keng qamrovga ega. Biroq AQSh rahbari Shimoliy Koreyani yadroviy qurollardan voz kechishga undab kelmoqda.

“AQSh katta kuch va sabrga ega, biroq o’z mamlakatimiz yoki ittifoqdoshlarimizni himoya qilishga majbur bo’lsak, Shimoliy Koreyani butunlay yo’q qilib yuborishdan boshqa choramiz qolmaydi. Raketachi kishi o’zi va o’z tuzumiga qarshi suiqasd uyushtirayapti”, - degan edi Tramp Bosh Assambleyaning o’tgan yilgi yig'inida.

Ana shu chiqishi bilan u nozik diplomatiyaga ko’nikib qolgan liderlarni hayratga solgan edi.

Xo'sh, bu safar Tramp nima deydi?

“Uning chiqishi televideniyeni larzaga solgan. AQSh tarmoqlarida shov-shuvga aylangan. Biroq u tadbirga boshqa liderlarni hayron qoldirish uchun emas, balki AQShda bo’lib o’tadigan oraliq saylovlar oldidan jiddiy bayonot berish uchun boradi. Shunday ekan, tadbirda alanga va ehtiros bo’ladi”, - deydi BMT Universiteti Siyosiy tadqiqotlar markazi katta ilmiy xodimi Richard Govan.

Trampning nutqi noan’anaviy va o’ziga xos xatarli bo’lsa-da, istiqbolli muzokaralarga sabab bo’lgan edi.

25-sentabr kuni Tramp Bosh Assambleyaga murojaatida Shimoliy Koreyaga alohida e’tibor qaratadi. Bu davlat rahbari Kim Chen Un tadbirda ishtirok etmasa-da, Pxenyandan efirni diqqat bilan kuzatishi mumkin.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 27-sentabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashining uchrashuviga raislik qiladi. U Shimoliy Koreya bilan olib borilayotgan muzokaralar bo’yicha hisobot berib, davlatlarni Pxenyan yadroviy qurolsizlanish bo’yicha konkret qadamlar qo’ymaguncha amaldagi sanksiyalar kuchda qoladi deya chaqirishi kutilmoqda.

Xavfsizlik Kengashining almashib turadigan prezidentligi AQShga o’tgan. Tramp 26-sentabr kuni raislik qiladigan tadbirda yadro qurolini tarqatmaslik mavzusiga to’xtaladi. Jumladan, Eron masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.

“Eron muammoli davlat bo’lib qolmoqda. Dunyodagi har qanday xavfli nuqtada Eronning ulushi borligi ma’lum bo’lmoqda”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli.

Eron rahbari Hasan Ruhoniy 24-sentabr kuni Bosh Assambleyada so’zga chiqadi va Xavfsizlik Kengashi yig’ilishidan so’ng matbuot anjumani o’tkazadi.

Ruhoniy AQShni 2015-yilda imzolangan yadroviy bitim tarkibidan chiqib ketganligi yuzasidan tanqid qilishi, Tehronga nisbatan bir tomonlama sanksiyalarning qayta joriy qilinishiga o’z munosabatini bildirishi mumkin.

Garchi aksariyat dunyo liderlari Nyu-Yorkda jam bo’lsa-da, ba’zi istisnoli holatlar ham kutiladi. Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Xitoy rahbari Si Zinpin va Germaniya kansleri Angela Merkel tadbirda ishtirok etmaydi.

Shimoliy Koreya va Eron kun tartibi markazida bo’ladi. Shuningdek, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasidagi nizolar, global isish va taraqqiyotga doir bir qator dolzarb mavzular ham muhokama qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG