Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) inson huquqlari bo’yicha rasmiylari e’lon qilgan hisobotga ko’ra, Xitoyda bir million etnik uyg’ur maxfiy lagerlarda saqlanmoqda.
Irqiy kamsitishni yo’q qilish bo’yicha BMT qo’mitasi a’zosi Gey Makdugalning aytishicha, g’arbdagi Shinjon avtonom hududida ikki million uyg’ur va boshqa ozchilik musulmonlar “g’oyaviy tozalash” uchun “siyosiy lagerlar”ga tashlangan.
Bu haqdagi ma’lumotlar Jenevada Xitoydagi inson huquqlari tahliliga bag’ishlangan ikki kunlik yig’ilish boshida oshkor etildi.
Xitoy da’vosiga ko’ra, Shinjon ozchilik musulmonlar va Xan xitoylari o’rtasida ziddiyatni kuchaytirishni qasd qilgan islomchi jangarilar hamda ayirmachilar tahdidi bilan yuzlashmoqda.
BMTdagi AQSh missiyasining “Twitter”da yozishicha, AQSh “Xitoyda uyg’urlar va boshqa musulmonlarga tazyiqlar davom etayotganiga oid xabarlardan jiddiy xavotirda”.
“Biz Xitoyni aks natija beruvchi siyosatni bas qilib, majburan hibsga olinganlarning hammasini ozod qilishga chaqiramiz”, - deb yozdi AQShning BMTdagi missiyasi.
Xitoy Inson huquqlari himoyachilari guruhi ma’lumotiga ko’ra, Xitoyda 2017-yilda yuz bergan barcha hibslarning 17 foizi uyg’urlar yashovchi Shinjon viloyatiga to’g’ri kelgan.
BMT vakili Makdugalning aytishicha, uyg’urlar va boshqa ozchilik musulmonlar diniy-etnik kelib chiqishi farqli bo’lgani uchungina “davlat dushmanlari” deb tamg’alanmoqda.
Xorijdan, xususan, Misr va Turkiyadan Xitoyga qaytgan 100 dan ortiq uyg’ur talabasi hibsga olingan; ayrimlari qamoqda o’lgan, deydi BMT vakili.
“Xitoyda uyg’urlar uchun mavjud diniy erkinlikning darajasi qanday; ular o’z dinlariga e’tiqod qilishlari uchun qanday huquqiy himoya bor?” – deb so’radi BMT paneli a’zosi Yemhelhe Mint Muhammad Xitoy delegatsiyasidan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Shinjon viloyatida xavfsizlik yuzasidan ko’rilgan choralarga nisbatan yangrayotgan tanqidlarda “Xitoyga qarshi kuchlar”ni aybladi.
Xitoy Kommunist partiyasi rasmiysi Xu Lianxe BMT hisobotini “mutlaqo noto’g’ri” deb atadi, lekin ayni paytda “diniy ekstremizmga aldanganlarga ta’lim va qayta tarbiyalash orqali yordam berilishi”ni aytdi.
Yig’inda tibetliklarga nisbatan bo’layotgan tazyiqlar ham tilga olindi.
Facebook Forum