Organik taom yoki "USDA tasdiqlagan organik" degan yorliqlar nimani anglatadi? "Amerika Ovozi" shu mavzuni o'rganish uchun janubiy Merilend shtatidagi organik sabzavotlar yetishtiriladigan fermaga tashrif buyurdi.
Bret Grosgal janubiy Merilenddagi 42 gektarlik yerida organik sabzavotlar yetishtirayotganiga 20 yildan oshdi.
Organik oziq-ovqat narxi qimmatroq, lekin ortiqcha mehnat va xarajatga arziydi, deydi u.
"Supermarketlarda hammasi bir xil bo'lishi kerak. Bu mahsulotlar maza-matrasi boshqa oziq-ovqatlardan ancha yaxshi. Bunaqasini faqat men o'stiraman. Uning qanday ko'rinishi bilan ishim yo'q, men uchun mazasi muhim. Mijozlarim tatib ko'rib, oh, deyishlarini xohlayman. Shundan so'ng ular doim sotib oladi", - deydi dehqon.
Grosgalning mahsulotlari qimmatroq, chunki uni yetishtirish ko'p mehnat talab qiladi. U begona o'tlarni qo'l bilan terdiradi, kimyoviy o'g'it va geni o'zgartirilgan urug'lardan foydalanmaydi.
Mahsulotning organik ekanini AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi tasdiqlashi kerak. AQShda sotiladigan barcha oziq-ovqat uchun standartlarni shu idora belgilaydi.
"Vazirligimizning organik yorlig'i dunyo bo'ylab mijozlar uchun oltin me'yor. Chunki butun dunyoda barcha dehqonlar va tadbirkorlar bir xil qoidalarga rioya qiladi. Ular umumiy nazorat tizimining bir qismi va dunyodagi qoidalar, fermerlar va yorliqlar bir xil bo'lishidan manfaatdor", - deydi milliy organik mahsulotlar dasturi rasmiysi Jenifer Taker.
Bu qoidalarga rioya qilgan dehqonlar o'z mahsulotlariga "organik" yorlig'ini yopishtirishi mumkin. Buning uchun ular AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligi ruxsatiga ega maxsus kompaniyalar tekshiruvidan o'tishi kerak.
Organik mahsulot talablariga javob berish ko'p mehnat talab qiladi. Grosgal yozda haftasiga 90 soat ishlaydi. Ansli Stouks kabi mijozlar oziq-ovqat uchun berilayotgan alohida qarovni qadrlaydi.
"Biz mahalliy dehqonlarni qo'llab-quvvatlaymiz. Bretni taniymiz. Uning sabzavotlarni o'stirish usulini, yerni asrab-avaylayotganini qadrlaymiz. Mazasi biz do'konlardan oladigan mahsulotlarnikidan ancha yaxshi", - deydi u.
Sog'likni o'ylayotganlar ham ko'p.
"Asosan, sog'liqqa foyda. Pestidsidlarga ega bo'lmagan, ustida yopishqoq kimyoviy moddalari yo'q narsa olishga harakat qilaman", - deydi Mona ismli mijoz.
Asli kasbi oshpaz bo'lgan Grosgalga ko'ra, oziq-ovqatga alohida mehr berish kerak.
"Avvalo, o'zimizning, mijozimiz va farzandimizning xavfsizligi uchun organikmiz. Lekin men an'anaviy dehqonchilikka ham qarshi emasman", - deydi u.
Yondiruvchi quyosh ostida organik yetishtirilgan pomidorlarni terib olish azob. Ammo, deydi Grosgal, mijozlar mazaliroq va sog'liq uchun yaxshiroq oziq-ovqat uchun ko'proq haq to'lashga tayyor.
Facebook Forum