Breaking News

Dunyoda tabiiy dehqonchilik maydoni kengaymoqda


Massachusets shtatida dehqonlar organik usulda yetishtirilgan karam barglarini yig'ib olmoqda, 7-avgust, 2009-yil.
Massachusets shtatida dehqonlar organik usulda yetishtirilgan karam barglarini yig'ib olmoqda, 7-avgust, 2009-yil.
Oxirgi yillarda dunyo bo’ylab organik dehqonchilikka asoslangan ekin maydonlari kengayib bormoqda. Atrof-muhit va ekologiyani o’rganuvchi Uorldvoch Instituti ma’lumotiga ko’ra, 1999-yildan beri bunday yerlar uch baravar ko’payib, 37 million gektarga yetgan.

Organik dehqonchilik, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:04 0:00
Yuklab oling

Uorldvoch Instituti tadqiqotchisi Laura Reynolds organik dehqonchilikning rivojlanishi haqidagi yangi hisobot mualliflaridan biri.


“Organik qishloq xo’jaligi bu kimyoviy o’g’it va pestitsidlarsiz dehqonchilik qilish degani. Kimyoviy o’g’itlar o’rniga dehqonlar turli tabiiy usullarni qo’llaydi. Masalan, almashlab ekishadi, kompost solishadi yoki yerning quvvatini oshiradigan ekinlar ekiladi”, - deydi u.

Tadqiqotchiga ko’ra, bunday dehqonchilikning atrof-muhit va odamlar salomatligi uchun foydasi katta.

“Biz iste’mol qilayotgan oziq-ovqat tarkibida kimyoviy moddalar miqdori kamayadi. Bu dehqonlar uchun ham foydali. Chunki ular organik mahsulotni qimmatroq sotib, yaxshi daromad qilishadi”, - deydi mutaxassis.

AQShning Stenford universitetiga ko’ra, “organik oziq-ovqat vitaminlarga boyroq va sog’liq uchun xavfsizroq” degan qarashlar isbotini topmadi. Tadqiqotchilar mavzu bo’yicha o’tkazilgan boshqa ilmiy izlanishlar tahlili asosida o’tgan yili shunday xulosaga kelgan.

“Ozuqa tarkibidagi vitaminlarda, masalan, boshoqli ekinlarda jiddiy o’zgarish bo’lmasligi to’g’ri. Ammo organik mahsulot yetishtirishning sababi faqat bu emas. Agar ovqat ichidagi kimyoviy va zaharli moddalar darajasiga qarasangiz, katta tafovutni ko’rasiz. Siz o’zingizga kerakli barcha vitaminlarni olyapsiz, lekin shu bilan birga zaharli moddalarni ham tanovvul qilayapsiz. Bu tadqiqot juda kichik qamrovda o’tkazilgan”, - deya e’tiroz bildiradi tadqiqotchi Reynolds.

Organik ekin maydonlarining aksariyati okean bo’yi mintaqasida joylashgan. Avstraliya, Yangi Zelandiya va Tinch okeani orollarida joylashgan davlatlarda 12 million gektardan ortiq maydonda tabiiy usulda dehqonchilik qilinadi. Yevropada 10 million, Lotin Amerikasida 8,4 million gektar yer organik qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Bunday dehqonchilik uchun Osiyoda faqat uch million, Afrikada esa bir million gektar yer ajratilgan.

Tadqiqotdan ma’lum bo’lishicha, tabiiy dehqonchilikni rivojlantirish bo’yicha AQSh boshqa davlatlardan orqada. Ammo bu mamlakatda organik mahsulotlar savdosi yildan yilga kengayib bormoqda. 2011-yilda bunday savdo hajmi 31,5 milliard dollarni tashkil qilgan.

“Organik mahsulot” guvohnomasini olish uchun qo’yilgan talablar juda qattiq. Jarayon uzoq vaqt davom etib, oddiy dehqonlar uchun qimmatga tushishi mumkin.

“Organik mahsulot guvohnomasini beruvchi tashkilotlar soni ortgani sari bunday dehqonchilikka qo’l urayotganlar soni ham ko’paymoqda. AQShda ham, dunyoda ham organik mahsulot yetishtirish urfga aylanmoqda. Bunday tovarlarning bozori chaqqon ekan, unga qiziqish bildirayotgan dehqonlar safining kengayishi aniq. Masalan, AQShda eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biri bu organik oziq-ovqat savdosi”, - deydi soha mutaxasassi Laura Reynolds.

Uning aytishicha, iqlim o’zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda ham tabiiy dehqonchilik usullari qo’l kelmoqda.

“Organik fermerlik turli usullarni qamrab oladi. Ular tuproqqa kuch beradi. Natijada tuproq suvni o’zida uzoqroq ushlab turadi. Bu iqlim o’zgarishidan aziyat chekkan hududlar uchun juda foydali. Odatda, iqlim o’zgarishi natijasida qurg’oqchilik, havoning isib ketishi kabi holatlar kuzatiladi. Bunga ekinlarning dosh berishi qiyin. Lekin yer organik usulda parvarish qilinsa, dehqonlar keskin ob-havo sharoitida ham hosildan ayrilmaydi”, - deydi tadqiqotchi.

Uorldvoch Instituti tadqiqotiga ko’ra, organik mahsulot yetishtiruvchi dehqonlar soni va raqobatning oshishi bilan bunday tovarlar narxi ham pasayadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG