Breaking News

O'zbekistonda paxtachilik: Mustaqillik dehqonga nima berdi?


Tadqiqotchi Rassel Zanka (o'ngda) va Jahon banki yetakchi mutaxassisi Bekzod Shamsiyev Vashingtonda kechgan davra suhbatida
Tadqiqotchi Rassel Zanka (o'ngda) va Jahon banki yetakchi mutaxassisi Bekzod Shamsiyev Vashingtonda kechgan davra suhbatida
Sovet davrida O’zbekistonda qishloq xo’jaligi deganda boshqa respublikalardagi singari kolxozlar nazarda tutilar edi. Mustaqillikka erishgach, mamlakat bu sohani isloh qilishga uringandek bo’ldi, ammo davlat nazorati va azaliy tartib o’zgarmadi. Ayniqsa, paxta yetishtirish sohasida. Vashingtondagi Vudrov Vilson tadqiqot markazida yig’ilgan ekspertlar shu mavzuda fikr almashdi.

Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:01 0:00
Yuklab oling

“Musulmon o’zbek qishloqlaridagi hayot: Kommunizmdan keyingi paxta sanoati” - Shimoli-sharqiy Illinois universiteti professori Rassel Zanka (Russell Zanca) qalamiga mansub kitob sarlavhasi. Unda muallif O’zbekistonda mustaqillikdan keyin paxtachilik qay ahvolda ekanini tahlil qiladi.

O’zbekiston qishloqlarida bugungi ahvol qanaqa? Dehqonlar turmushi va ish sharoiti qanchalik o’zgardi?

Oddiy dehqon hayoti hamon og’ir, deydi professor Zanka.

“O’tgan 20 yil davomida hukumat qishloq xo’jaligini liberallashtirish bo’yicha ko’p ishlar qilishga urindi, ammo ular oddiy dehqonlar uchun hech qanday o’zgarish olib kelmadi. Andijondan tortib Xorazmgacha, paxta asosiy ekin bo’lgan hududlarda dehqonlar tirikchilik qilishda hech qanday erkinlikka ega emas. Yagona chora bu shaharlarga ko’chish, qo’shni o’lkalarga yoki boshqa olis davlatlarga ishlash uchun ketish”, - deydi professor.

Uning aytishicha, agar dehqonlarga tanlash imkoniyati, mustaqil qaror qilish erkinligi berilganida, hosildorlik ham, oddiy aholining yashash sharoiti ham bugungidan yaxshiroq bo’lar edi.

“O’zbekiston hukumati paxtakorlarning fikrlariga quloq solmadi. Ularning yangilik yaratib tashabbus ko’rsatishiga, o’zlari xohlagandek ishlab yashashlariga yo’l qo’yilmadi. Aksincha, ularga qora ishchilar sifatida qaraldi”, - deydi mutaxassis.

Professor Zanka O’zbekistonda paxta yetishtirish sohasini o’rganish uchun uzoq yillar mamlakat qishloqlarida ilmiy tadqiqot olib borgan. Uning ishonch bilan gapirishicha, paxtakorlar orasida tizimni butkul isloh qilish, hosilni erkin bozorda pullash tarafdori bo’lganlar ko’p emas. Paxta yetishtirish va uni terib olish uchun to’lanadigan haq oshirilsa, shuning o’zi ularning aksariyatini qanoatlantirishga kifoya qiladi, deydi u.

“Aholi sonining ko’payishi ko’proq yerning o’zlashtirilishiga sabab bo’ldi. Shunga bog’liq holda, suv resurslaridan oqilona foydalanish muammosi tug’ildi. Hukumat uchun bu hatto xalqaro ahamiyatga molik masalaga aylangan. Paxta yetishtiruvchi hududlarni rivojlantirish va liberallashtirish masalasi oson kechmasligini tushunamiz. Lekin hukumat bu borada o’zgarish qilishi kerak”, - deydi amerikalik ekspert.

O’zbekiston paxta dalalarida aholining majburiy mehnatga jalb etilishi, ayniqsa, bolalar mehnatidan foydalanishning keng tarqalgani xalqaro miqyosda keskin tanqidga uchrab keladi. Hukumat bolalar ekspluatatsiya qilinmayapti deb ta’kidlasa-da, huquq faollari va xalqaro tashkilotlar respublikada paxta asosan majburiy mehnat orqali terib olinishini aytadi. Bu O’zbekistonda shu qadar ochiq haqiqatki, uni rad etish vijdonsizlik, deydi jamoatchi faollar.

“Paxta mavsumida davlat maktab o’quvchilarini, talabalarni, o’qituvchilar kabi davlat xizmatchilarini majburan dalaga olib chiqadi. Bunga qarshi oxirgi yillarda xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari faollari hamda G’arb davlatlari bosimni oshirmoqda. Buning natijasida O’zbekiston hukumati bu masalaga jiddiyroq qaray boshlagan”, - deydi professor Zanka.

Jahon bankining qishloq xo’jaligi bo’yicha yetakchi mutaxassisi Bekzod Shamsiyev fikricha, O’zbekistonning eng qashshoq hududlari aynan paxta yetishtirishga ixtisoslashgan joylarga to’g’ri keladi.

“Jahon banki 2001-yil O’zbekistonda qashshoqlik bo’yicha birinchi marta mustaqil tekshiruv o’tkazgan. Tadqiqotda Namangan va Qashqadaryo mamlakatdagi eng qashshoq hududlar ekani aniqlangan. Bu bizni ajablantirdi, chunki o’sha paytda ikki yil davomida birgina Namanganning o’ziga qashshoqlikni tugatish dasturi bo’yicha 800 million dollar yordam berilgan edi. Bu yashash sharoitlarini yaxshilash uchun chetdan yordam berishning o’zi kifoya qilmasligini ko’rsatdi”, - deydi Bekzod Shamsiyev.

O’zbekistonlik mutaxassis ham mustaqillikning dastlabki yillarida bu sohada boshlangan islohotlar muvaffaqiyatsiz yakunlanganini aytadi.

“Boshida O’zbekiston regionda birinchilardan bo’lib qishloq xo’jaligida bir necha tajribalar o’tkazdi. Mamlakat bunga tayyor bo’lmagani uchun islohotlar samara bermadi. Masalan, xususiy fermerlik 1992-yildan targ’ib qilina boshladi. Biroq savdo shartlarining jiddiy yomonlashuvi oqibatida, bu tajriba o’zini oqlamadi. Xususiy fermerlar qarzlarga botib qoldi. Natijada hukumat xususiy fermerlik g’oyasni biroz keyinga qoldirishga qaror qildi”, - deydi Jahon banki mutaxassisi.

Paxta O’zbekiston uchun asosiy mahsulot, ammo so’nggi yillarda ekin maydonlari qisqargan.

“1980-yil Namanganda paxta maydoni 476 ming gektarni tashkil etgan bo’lsa, bu raqam 1990-yilga kelib 390 mingga tushdi. Ya’ni, paxta yetishtirish 20 foizga kamaydi. 2000-yilga kelib esa 243 ming gektarga kamaydi. Hozir butun respublikada dehqonchilik uchun yaroqli yerlarning taxminan 30 foiziga paxta ekilmoqda”, - deydi ekspert.

Bekzod Shamsiyev ham e’tiborni dehqonlarning yashash sharoitlariga qaratadi. Asosiy muammo shuki, mehnatkashlar olayotgan haq paxtaning xalqaro bozordagi narxidan juda kam.

“Natijada, dehqonlar daromad qilish o’rniga qarzga botadi. Hukumatning paxtaga qo’yayotgan bahosi xalqaro bozordagi narxdan ancha past. Hatto hukumat fermerlardan paxtani xalqaro narxda sotib olgan taqdirda ham, paxta yetishtirishni juda daromadli soha deb bo’lmaydi. Chunki hosildorlik kamayib ketgan”, - deydi Bekzod Shamsiev.

Jahon banki ta’biricha, fermerlarga to’la erkinlik berilsa, ularning faqat 35 foizi paxta yetishtirishda davom etishi mumkin. Qolganlari dehqonchilikning boshqa turlari bilan shug’ullanishni afzal ko’radi. Demak, paxtachilikni ham dehqon, ham davlat uchun birdek manfaatli bo’lishini ta’minlash uchun erkin bozorga o’tishning o’zi kifoya qilmaydi. O’zbekiston qishloq xo’jaligi tub islohotga muhtoj, deydi xalqaro mutaxassislar.

Vashingtonda kechgan davra suhbatidan, ingliz tilida:

Agriculture/cotton farming in Uzbekistan, Woodrow Wilson Center, Washington, January 17, 2013
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:25:17 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG