Breaking News

Faollar: Paxta bolalarsiz terilmaydi, hukumat kimni laqillatmoqchi?


O’zbekiston paxta terimiga hozirlanmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, hukumat bu yili hasharchilar va talabalar ishtirokini yanada kengaytiradi. Ayni paytda markazdan viloyatlarga yo’llangan komissiya paxta dalalarida ular uchun yaratilayotgan shart-sharoit bilan tanishmoqda.

O’quvchilar bu mavsumda ham asosiy ish kuchi bo’lishi kutilmoqda. Lekin Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev xalq ta’limi bo’limlariga bolalar mehnatini taqiqlash haqida buyruq berib, bu qonunga zid ekanini eslatgan. Vaziyatni kuzatib turgan faollar nazarida bu shunchaki ko’zbo’yamachiik.

Bir necha yildirki paxta terimi boshlanishidan avval O’zbekiston hukumati maktab o’quvchilarini paxtaga jalb etishni taqiqlovchi qaror qabul qiladi. Biroq paxta terimi boshlanishidan bir oz o’tib, yana shu hukumat topshirig’iga ko’ra, o’quvchilar ommaviy tarzda paxta terimiga olib chiqiladi.

Hukumat o’quvchilar uchun terimning kundalik rejasini belgilaydi. Maktab direktorlaridan har bir terimchi, ya’ni o’quvchi yuzasidan keskin hisobot talab qilinadi. Rahbariyat paxtaga chiqmagan o’quvchilar jazolanishi haqida ogohlantiradi.

O’quvchilar uch oycha paxta dalasida ishlaydi. Maktablar, bog'cha va, hatto, omborxonalar yotoqxonaga aylanadi. Masalani o’rgangan tashkilotlar hisobicha, har yili 2 milliondan oshiq o’quvchi terimga jalb qilinadi.

Toshkentdan xalq ta’limi bo’limlariga berilgan ogohlantirish, deydi bolalalar mehnati yuzasidan monitoring o’tkazib kelayotgan huquq himoyachilari, xo’jako’rsinga qilinayotgan harakat.



O’zbekiston inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyatidagi faoli Gulshan Qorayeva:

“Ehtimol hukumat paxta boykotidan qutulmoqchidir, lekin bolalarsiz paxta terib olinishini tasavvur etish qiyin. Bundan tashqari, sharoit og’ir. Ko’plab oilalar bolalarini o’zlari ham chiqarishi mumkin. Chiqarmaymiz degan bilan ham, busiz iloji yo’q. Ayrim fermerlar biz paxtani o’zimiz termoqchimiz desa, bunga ham ruxsat berishmaydi. Lekin ayrim paxtakorlar yordamchilarsiz hosilni terib olish mumkin emasligini aytishadi”.

O’zbekiston uchun paxta strategik xomashyo. Oq oltin, davlat buyurtmasiga ko’ra, fermerlar zimmasiga majburan yuklanadi. Mamlakatda 3 million tonnaga yaqin paxta yetishtiriladi. Terim mashinalari juda oz. Hosil, asosan, o’quvchilar va davlat byudjetidagi xodimlar tomonidan qo’lda teriladi.

Janubiy viloyat bo’lmish Qashqadaryoda 20-avgustdan paxta terimi boshlanadi. Mahalliy manbalarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ayni paytda davlat korxonalari ishchilari, shu jumladan, o’qituvchilarni safarbar etish uchun tayyorgarlik avjida.

O’zbekiston inson huquqlari jamiyati rahbari Abdujalil Boymatov fikricha, hukumat turli buyruqlarni dunyo ahlini laqillatish uchun berayapti, xolos.

“O’zbekiston hukumati bolalar mehnatini taqiqlovchi xalqaro konvensiyalarni imzolagan. Xalqaro hamjamiyat oldida mas’uliyati bor… Aslida esa o’quvchilar yana paxtaga olib chiqiladi. Bu qaror faqat xalqaro jamoatchilikni aldash uchun... Hozir o’quvchilarni paxtaga olib chiqish uchun yuz foiz tayyorgarlik ketayapti. Buni Mirziyoyev ham, boshqalar ham aytishmaydi. Bu ma’lumot o’qituvchilar va tibbiyot xodimlaridan olingan faktlar”.

O’zbekistonda bolalarning majburiy mehnatga jalb qilinishi xalqaro miqyosda keskin tanqidga uchrab keladi. AQSh va Yevropa Ittifoqida norozilik namoyishlari bo’lib o’tgan.
Vatanidan siyosiy bosim ostida chiqib ketgan huquq himoyachilari va muxolifatchilar xalqaro jamoatchilik e’tiborini O’zbekistondagi holatga qaratishga urinib keladi.

Bu tashabbuslar G’arbda paxta mahsuloti bilan ishlovchi bir necha yirik shirkatlar tomonidan quvvatlanadi. Ko’plab kompaniyalar bolalar mehnati evaziga terilayotgan o’zbek paxtasi va undan tayyorlangan mahsulotlardan voz kechgan.

O’zbekiston paxta eksporti bo’yicha dunyoda yetakchi o’rinda tursa-da, deydi tanqidchilar, bu mahsulotdan kelayotgan daromad fermerlar va terimchilarga yetib bormaydi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG