O’zbekiston matbuotiga ko’ra, hukumat belgilagan paxta rejasi bajarildi.
O’zbekiston prezidentining shu munosabat bilan paxtakor va mehnatkashlar uchun e’lon qilingan tabrigida ularning bu boradagi og’ir zahmatlari alohida etirof etiladi.
Paxta mavsumi yakunlanib, hukumat ommaviy safarbarlikdan kutilayotgan daromadni sarhisob qilayotgan bo’lsa, daladagi o’quvchi - talabalar uyga qaytish ilinjida.
Islom Karimov o’z tabrigida bu yil 3,5 million tonna hosili yig’ilgani, daromad 2 trillion 400 milliard so’mdan oshishi kutilyotganini ta’kidlaydi.
Oq oltin keltirgan foyda, deydi prezident, yangi maktablar, kollejlar, sport maskanlari va infratuzulmani yaxshilash uchun sarflanadi.
Karimovning aytishicha, jahon bozorida o’zbek paxtasiga qiziqish kuchaygan va bu yilgi hosilning 650 ming tonnasini sotish uchun hozirdanoq shartnoma imzolangan.
“Halol mehnatingizning rohatini ko’ring, hech qachon kam bo’lmang, azizlarim, qadrdonlarim“, - deya yakunlaydi o’z qutlovini Islom Karimov.
Prezident 21-oktabr kuni bu tabrikni yo’llagan bo’lsa, 22-oktabr kuni o’zbek paxtasini bolalar majburan teradi deya tanqid qilib kelayotgan G’arbdan yuqori martabali mehmonni qabul qildi - AQSh Davlat kotibasi Hillari Klintonni qabul qildi.
Ikki o’rtada 2,5 yarim soatdan oshiq davom etgan muzokarada AQSh Davlat kotibasi O’zbekiston rahbarini inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni yaxshilashga undagan.
Erkin va demokratik jamiyat qurish qarorida qat’iy ekanini ta’kidlagan Karimov yosh avlodga munosib meros qoldirishga intilayotgani aytgan.
O’zbekiston bolalari esa hozircha paxta dalasida, hukumat rejasi bajarilishidan qat’iy nazar maktabga qaytarilmagan.
Fermerlar, “Amerika Ovozi” bilan muloqotda, paxta kompaniyasi davom etmoqda deydi.
Hosilni o’quvchi va talabalar termoqda, deya tasdiqlaydi ular.
“Matbuotda (xalqaro matbuotda) 5-sinf o’quvchilari ham jalb qilingan deb aytildi, lekin haqiqatda joylarda 1-sinf oquvchilari ham paxtaga chiqarildi. Buni yashirib bo’lmaydi. Ob-havo yaxshi bo’lib turar ekan, o’quvchilar paxta terimiga jalb qilinaveradi”, - deydi fermer Ramziddinov.
Bu hol esa xalqaro miqyosda kuchli norozilik uyg’otadi. G’arbning yirik shaharlarida namoyishlar bo’lib o’tdi. Xorijdagi faollar va muxolifatchilar Yevropa Ittifoqi va AQShni bu masalaga befarq bo’lmaslikka chaqiradi.
Islom Karimov paxtadan kelayotgan daromad xalq farovonligi uchun sarflanadi, xususan yangi quriladi ochiladi deydi. Biroq jamoatchilik nazarida, bolalarni majburan ishlatish, ularni o’qishdan qoldirish evaziga qurilyotgan ilm maskanlaridan ne foyda?
“Bolalarni paxtaga jalb qilishni ular uchun kollej va maktablar qurish bilan oqlab bo’lmaydi. Paxta kampaniyasiga o’quvchilarni jalb qilishni taqiqilash kerak. Yoshlarimiz, bolalarimiz bilimli, savodli bo’lmas ekan, keljagimiz ham mavhum qoladi. Buni prezidentimiz ham juda yaxshi biladi, lekin nima uchun bolalar mehnatini taqiqlashga jur’at topa olmayapti, bilmadim”, - deydi o’z ism-sharifi aytilmasligini so’ragan fermer.
Prezident o’z tabrigida paxtadan daromad ko’rayotgan, shartnoma rejasini muddatdan avval bajargan tuman va xo’jaliklarni alohida qayd etib o’tadi. Ammo mamlakat rahbari paxta rejasini bajarish aksariyat fermerlarni inqirozga olib borayotganidan bexabar deb bo’lmaydi.
“Fermerlarning ahvoli juda og’ir. Shunday ekan, bu masalada prezidentning gaplari yolg’on. Fermer erkin bo’lmas ekan, u hech qachon paxtadan daromad ko’rmaydi. Paxtani dastlabki puli, davlatdan olingan kreditni qoplash uchun ishlatiladi. Qolgan qismi fermerga keyingi yil sentbar oyida o’tkaziladi. Bu vaqtga kelib, misol uchun, 100 so’mlik go’gurt 200 so’m bo’ladi. Paxtadan daromad ko’rdim degan fermerlar bo’lishi mumkin, masalan televideniyeda buni men ham eshitganman. Lekin bu haqiqatga to’g’ri kelmaydi”, - deydi bu paxtakor.