AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis Rossiyani “Global qurollanishni nazorat qilish to’g’risida”gi xalqaro pakt me’yorlarini buzayotganlikda ayblamoqda. Mattisning aytishicha, Rossiyaning bu xatti-harakati “nosog’lom” g’oyalarga asoslangan. Vaziyat ana shu yo’sinda davom etsa, AQSh Moskvaning harbiy imkoniyatlariga javob bera oladigan texnologiyalarni ishlab chiqarsihga majbur bo’ladi.
AQSh Rossiyaning “Novator 9M729” qanotli raketasi 1987-yilda imzolangan “O’rta masofali yadroviy qurollar to’g’risida”gi paktga xilof ravishda yaratilganiga alohida urg’u bermoqda. Sovuq urush davriga oid ushbu bitimda Yevropa va Alyaskani nishonga olish qudratiga ega bo’lgan o’rta masofali raketalardan foydalanish taqiqlangan. Shuningdek, xalqaro paktga ko’ra, o’rta masofali yadroviy, yerdan uchiriladigan va qanotli raketalarga ham taqiq o’rnatilgan.
Rossiyaning davomli ravishda pakt talablarini inkor etib kelayotgani natijasida AQSh o’zining harbiy va diplomatik pozitsiyasini qayta ko’rib chiqmoqda. Bu haqda jurnalistlarga 4-oktabr sanasida Brusselda bo’lib o’tgan NATO mudofaa vazirlarining uchrashuvidan so’ng Jim Mattis ma’lum qilgan.
AQShning NATOdagi elchisi Key Beyli Xatchinsonning aytishicha, Rossiya xalqaro paktga amal qilmaslikda davom etaversa, AQSh Moskvaning qanotli raketasidan qudratliroq raketani ixtiro qiladi. Xatchinson keyinroq o’z fikrini izohlab, Rossiyaga qarshi hujum uyushtirishni emas, Moskvaning xalqaro bitimga amal qilishining ahamiyatini nazarda tutganini aytgan.
O’z navbatida, Rossiya ham xalqaro hujjat me’yorlarini buzmaganligini ta’kidlab keladi. Aksincha, paktga xilof ravishda raketalarga qarshi mudofaa tizimini ishlab chiqargani uchun AQShni ayblaydi.
Avvalroq AQSh Moskvani o’tgan yilning boshida qanotli raketalar tizimini ishga tushirganlikda ayblagan edi.
Mattisning ana shu mazmundagi bayonoti Sovuq urush yakunlanganidan buyon 2014-yilda Qrimning Rossiya tarkibiga qo’shib olinishi, Suriyaning Moskva tomonidan uzluksiz bombardimon qilinishi va Rossiyaning 2016-yildagi AQSh saylovlariga aralashuvi natijasida tanglik holatiga kelgan aloqalarni yanada taranglashtirishi mumkin.
Facebook Forum