Prezident Donald Tramp Bret Kavanoning AQSh Oliy sudiga tasdiqlanganini nishonlayotgan bir paytda bu voqeaning noyabrdagi saylovlarga ta'siri qanday bo'lishi ustida bahslar kuchaymoqda. Jinsiy tajovuzda ayblangan Kavano nomzodiga qarshi bo'lgan liberal saylovchilar saylovda yanada faollashishi mumkin.
Noroziliklar bilan boshlangan ovoz berish jarayoni ommaviy namoyishlarga ulanib ketdi. Shunga qaramay, Senat Bret Kavanoning nomzodini oliy sudyalikka tasdiqladi. Jarayonning bunday tus olganidan har ikki partiya qonunchilari mamnun emas.
Prezident Donald Tramp natijani olqishlab, noyabr saylovlarida ham respublikachilar qo'li baland kelishini bashorat qildi.
"Yutishdan chargachan bo'lsangizgina demokratga ovoz berasiz. Biz esa faqat yutishni xohlaymiz", - dedi Tramp.
Demokarlar e'tiborni Kavano nomzodiga qarshi chiqqan saylovchilarga qaratmoqda.
"Amerikaliklarga, bu voqeadan g'azablangan millionlab odamlarga aytadiganim shu, ovoz bering. Oliy sud ayollarni himoya qilsin, desangiz, ovoz bering", - dedi demokratlar sardori Chak Shumer.
Vashington va boshqa katta shaharlarda boshlangan namoyishlar demokrat saylovchilarni yanada faollashtirdi. So'rovlarning ko'rsatishicha, bir qator hududlarda Kavano himoyasi uchun respublikachilar ham jonlangan.
"A'zolarimiz shijoati to'lib-toshmoqda. Ularni jonlantiradigan narsa borligini kashf qildik. Biz bu haqda o'ylamagandik, buni demokratlar qildi", - dedi Senatdagi respublikachilar sardori Mitch Makkonel.
Sudyani tasdiqlash jarayonida jinsiy tajovuzga oid bahslar mamlakat bo'ylab alanga oldi.
"Amerikaliklar o'z xulosasini chiqardi. Bu haqda ular gapirishyapti, chunki zamon o'zgaryapti", - dedi demokrat senator Emi Klobushar.
Respublikachilar esa endi kelajakka e'tibor berish kerak, demoqda.
"Senat va mamlakat bu masalani ortda qoldiradi. Doim shunday qilganmiz", - deydi Makkonel.
Kavano nomzodining tasdiqlanishi bilan Oliy sudda konservativ sudyalar ustunligi ta'minlandi. Aslida siyosatdan yuqori turishi lozim bo'lgan bu organ har doim yangi sudya tayinlanishi davrida siyosiy bahslar markaziga aylanadi.
Facebook Forum