Breaking News

Afg'oniston urushini xususiylashtirish tarafdori kim bilan gaplashmoqda?


"Blackwater" xususiy kompaniyasi qo'riqchilari AQShning Iroqdagi sobiq elchisi Zalmay Xalilzod (markazda) bilan, 2006-yil, 25-mart.
"Blackwater" xususiy kompaniyasi qo'riqchilari AQShning Iroqdagi sobiq elchisi Zalmay Xalilzod (markazda) bilan, 2006-yil, 25-mart.

"Blackwater" xavfsizlik kompaniyasi asoschisi Erik Prins Afg'oniston urushini xususiylashtirish rejasi tarafdorlarini ko'paytirish maqsadida hududda ta'sirchan odamlar bilan uchrashishni boshlagan.

Prins 2011- yil o'z nomini "Academi" deb o'zgartirgan xususiy harbiy firmaga boshchilik qiladi.

"Nyu-York Tayms" nashrining yozishicha, Prins 2017-yil Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'aniga uchrashishni so'rab maktub jo'natgan, ammo G'ani u bilan uchrasishdan bosh tortgan.

Birlashgan Arab Amirliklaridan turib ishlovchi Prins shundan beri Afg'onistonning bir qator ta'sirchan siyosiy doiralari bilan uchrashuvlar o'tkazmoqda. Ular orasida G'anining o'rniga da'vogarlik qilayotganlar ham bor.

Prins Afg'oniston siyosatiga aralashish niyati yo'qligini aytadi.

"Afg'on xalqi o'z sayloviga ega bo'ladi va o'zlari rozi bo'lib yashaydigan qarorlarni tanlashadi. Qon oqishini to'xtatish uchun boshqacha chora haqida o'ylaydigan har qanday tomon bilan gaplashaman", - deydi Prins.

Erik Prins AQSh Ta'lim vaziri Betsi Devosning ukasi.

2007-yil "Blackwater" qo'riqchilari Iroqda 17 oddiy fuqaroni o'ldirganlikda ayblangan va bir necha xodimlari sudlangan edi.

G'anining munosabati

Prezident Ashraf G'ani Afg'onistonda armiyaning xususiylashtirilishiga keskin qarshi ekanini e'lon qildi.

"Nuqsonli va yaroqsiz takliflar aylanib yuribdi; jumladan, urushni xususiylashtirish va Afg'oniston tabiiy zaxiralarini qazish bo'yicha. Afg'on xalqi o'z tabiiy zaxiralarining boshqalar tomonidan ishlatilishiga yo'l qo'ymaydi", - dedi prezident.

Afg'on Milliy xavfsizlik kengashi ham shu haqda bayonot chiqardi.

"Foydani ko'zlab tinchlik va barqarorlik uchun qilayotgan kurashimiz qadrsizlanishiga ruxsat bermaymiz", - dedi Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Hamidulloh Muhib.

Afg'oniston siyosatiga aralashmasligini aytgan Prins mamlakat prezidentini korrupsiya va izolyatsiyada aybladi. G'anining muxoliflari shu haqda ko'p gapiradi.

"G'ani korrupsiyaga botgan va noqobil. Afg'onlar qatl qilinishda davom etar ekan, u har yili Amerika soliq to'lovchilarining 62 milliard dollar pulini sog'ib yurishdan manfaatdor", - dedi Prins "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Unga ko'ra, G'anini qo'llovchilar kamaymoqda va u borgan sari yakkalanib boryapti.

"Yaqinda afg'on jamiyatining keng miqyosli qismi bilan, siyosiy va harbiy yetakchilari bilan uchrashdim. Hozirgi tartibsizlikni yangi va samarali yechimlar orqali tugatish bo'yicha keng qo'llab-quvvatlov mavjud", - dedi u.

Prinsning rejasi

Prins Afg'onistondagi minglab AQSh askarlarini xususiy kontraktorlar bilan almashtirish tarafdori. Ularga 90 samolyotdan iborat xususiy havo kuchlari yordam ko'rsatadi. Armiyaga vitse-qirol rahbarlik qilishi rejalangan.

Prins misol sifatida XIX asrda Hindiston subkontinentini boshqargan "East India Company"ni misol qilib keltiradi.

Vashingtondagi Milliy Mudofaa universiteti professori Met Diyering bu qiyosni "tarixni suiiste'mol qilish" deb atadi.

"Prins davlat qurishni xususiylashtirishning muvaffaqiyatli misoli sifatida Britaniyaning "East India Company"sini tez-tez tilga oladi, lekin bu tarixni qo'pol tarzda ishlatish. "East India Company" davlat qurishni niyat qilmagan. Ular imperiyani talab, hissadorlarini boyitishni maqsad qilgan. Aholini qon qaqshatgandan so'nggina davlat ularni qutqarib, o'z qaramog'iga olgan", - dedi professor.

Tolibon bilan muloqot

Diyeringga ko'ra, Prinsning rejasi Tolibon va Afg'oniston hukumati o'rtasidagi tinchlik muzokaralariga qanday yordam berishi masalasini e'tibordan chetda qoldirgan.

"AQSh va Afg'on harbiylari jangda yengishi mumkin, lekin uzoq muddatli yechim bu siyosiy masala. Urushni xususiylashtirish bizni mu maqsadga yaqinlashtirmaydi", - deydi Diyering.

G'ani hukumatida mudofaa vaziri o'rinbosari bo'lib ishlagan Tamim Asey fikricha, afg'on urushini xususiylashtirish xalqni qo'zg'olonga boshlashi mumkin.

"Xususiy xavfsizlik kompaniyalari Afg'onistonda otning qashqasidek ma'lum. Agar ular Afg'onistonda ish boshlasa, milliy qo'zg'olonga duch kelishi mumkin", - deydi u.

Aseyga ko'ra, Afg'onistonda terrorizmga qarshi kurashning yagona yo'li mamlakat xavfsizlik kuchlarini kuchaytirish bilan bo'ladi.

Miliy va tijoriy manfaatlar

Rend korporatsiyasi tahlilchisi Rebekka Zimmermenning aytishicha, xususiy kontraktorlar va davlat harbiylari turli maqsadlarni ko'zlab ishlaydi.

"Kontraktorlar maxsus vazifalar ustida ishlaydi va ularning muvaffaqiyati shu vazifani bajarish bilan belgilanadi, urushda g'olib chiqish bilan emas", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG