Breaking News

Iroqda tinch aholini o'ldirgan amerikalik umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi


AQSh Federal sudi 2007-yil Iroq poytaxti Bag'dodda 14 nafar fuqaroni, tinch aholi vakillarini otib o'ldirgani uchun "Blackwater" xavfsizlik kompaniyasi sobiq xodimi Nikolas Slettenni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Yana uch nafar sobiq qo'riqchi - Dastin Herd, Ivan Liberti hamda Pol Slofning har biriga 30 yillik qamoq jazosi berilgan.

Mahkumlar Bag'dodning Nisur maydonida tinch fuqarolarga o't ochganlikda aybdor deb o'tgan yilning oktabr oyida topilgan edi.

Advokatlarning aytishicha, qo'riqchilik xizmati xodimlari o'zlarini himoya qilish uchun qarshi o't ochishga majbur bo'lgan.

Prokurorlar esa o'sha payt maydonda hech qanday otishma bo'lmaganini va qo'riqchilar qurol ishlatishi uchun hech qanday sabab bo'lmaganini aytadi. Shuningdek, xavfsizlik xodimlari tinch aholi vakillarini o'ldirganidan pushaymon ham bo'lmagan, deydi qoralovchilar. O'lganlar orasida kamida bir nafar yosh bola bo'lgan.

Yuz bergan hodisa ko'plab iroqliklarni va amerikaliklarni g'azabga solgan. Ular AQSh Davlat departamentini nima uchun urush zonasida xususiy xavfsizlik kompaniyalari xizmatidan foydalangani haqida so'roqqa tutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG