Breaking News

Turkiyada qamalgan amerikalik ruhoniyning bugungi o'ylari


Ruhoniy Endryu Branson va rafiqasi Norin "Amerika Ovozi" muxbiri bilan suhbatda.
Ruhoniy Endryu Branson va rafiqasi Norin "Amerika Ovozi" muxbiri bilan suhbatda.

Terrorizmda ayblanib, ikki yillik qamoq muddatini o’tagan amerikalik ruhoniy Endryu Branson Turkiya sudi tomonidan joriy yilning 12-oktabrida ozod etilgan. AQShga oilasi bag’riga qaytgan Branson “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Turkiyada o’tgan kunlarini esga oldi.

“Turkiyada hukumatni ag’darishga urinishlar bo’lib o’tgan edi. Albatta, bu mamlakatda tanglik vaziyatini yuzaga keltirgan. Tabiiyki, hukumat ham katta bosim ostida edi. Ana shunday tahlikali davrda biz suriyalik qochoqlar bilan ishlayotgan edik. Gumanitar inqiroz davri boshlangan edi. Bizning ko’magimiz bilan Izmirga kelgan qochoqlarning ayrimlari kurd millati vakillari bo’lib chiqdi. Hukumat kurdlarning PKK orqali amalga oshirgan terrorchilik xurujlaridan xavotirda edi. Shu tariqa mening faoliyatim ham shubha ostiga tushdi. Qolaversa, men amerikalik xristianman. Xristianlarga nisbatan ham shubhalar bo’ladi. Bularning bari bir vaqtning o’zida jamlangan omillar edi”, - deydi Branson.

Ruhoniyning aytishicha, uni hibsga olishayotganda Amerikaga deport qilish chorasi qo’llanilmasligi va jazoni Turkiyada o’tashini sezgan.

“Bizni qamoqqa olishganda faoliyatimizning milliy xavfsizlikka tahdid ekani aytildi. Odatda, bunday hollarda, ayrim do’stlarimning ham boshidan o’tgan, zudlik bilan bir-ikki kun ichida deport qilinadi. Biroq bizning holatimizda kimdir hujjatlarimizga “Terrorizm” deb yozib qo’ygan ekan. Bizning ishimiz ancha jiddiy ekanini anglab, qo’rquv paydo bo’ldi va bu, kutilganiday, ikki yil davom etdi”, - deydi ruhoniy.

Turkiya sudi Bransonga nisbatan 37 oylik qamoq jazosini o’tash hukmini chiqardi. Biroq ruhoniy ikki yilda ozodlikka erishdi. U eng ko’p qiynoqqa solgan holat mavhumlik bo’lganini aytadi:

“Meni aynan nimada ayblashayotganini aniqlashga 18 oy ketdi. Ana shu vaqt mobaynida qo’rquv ichida yashadim. Nima uchun qamoqdaman? Qancha vaqt hibsda qolaman? Menga qanday hukm o’qiladi? Barchasi noma’lum edi”.

Branson ozodlikka chiqishini eshitgach, xotirjamlikni his qildi. U sud zalida rafiqasi bilan tiz cho’kib, ibodat qildi. Og’ir damlarning yakun topayotgani uchun yaratganga shukrona aytdi.

AQShga qaytgach, Branson Oq uyda Prezident Tramp bilan uchrashib, tashakkur izhor etdi. U Turkiya prezidenti bilan ham uchrashish niyatida ekanini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG