Donald Tramp tarafidan Turkiyaga qarshi og’ir tariflar joriy qilingan. Amerikalik ruhoniy esa Turkiyada uy qamog’ida. Ikki davlat o’rtasida aloqalarni chigallashtirayotgan muammolar talay. Ko’p yillik bu NATO ittifoqchilari munosbatlarini tiklash mumkinmi?
Mavjud muammolar qatoriga yangilari ham qo’shilmoqda. Rossiyaning “Interfaks” axborot agentligi Moskva 2019-yildan boshlab Turkiyaga S-400 mudofaa tizimini yetkazib berishni boshlashini e’lon qildi.
AQSh va NATO rasmiylari Turkiyani S-400 NATOning boshqa mudofaa tizimlariga mos tushmasligi borasida ogohlantirdi.
Ayni damda Vashington joriy qilgan tariflar natijasida turk lirasining AQSh dollariga nisbatan qiymati sezilarli pasaygan. Inflyatsiya darajasi yuqori.
Boshqa tangliklar qatorida amerikalik ruhoniy Endryu Bransonning terrorizmga aloqadorlikda ayblanib 21 oy hibsda saqlangani va ayni damda uy qamog’ida ekani ham muhim ahamiyatga ega. Anqaraning ma’lum qilishicha, Branson AQShda quvg’inda yashayotgan turk dindori bilan aloqador. Turkiya Fethullah Gulenni 2016-yilda amalga oshirilgan to’ntarishda ayblaydi.
Vashington Bransonga qo’yilgan ayblarning asossiz ekanini aytib, uning ozod etilishini talab qilmoqda.
“Tanglik qancha uzoq davom etsa, Turkiya Rossiyaga shuncha ko’p tayanadi, mintaqaning boshqa mamlakatlari ham Yaqin Sharqda Rossiya yetakchiligiga shu qadar ko’p ehtiyoj sezadi. AQSh dunyoning ana shu qismidagi Turkiya va arab davlatlari bilan an’anaviy ittifoqni qayta tiklamasa, mintaqada Eron, IShID va terrorizm tahdidiga qarshi kurashishga qodir koalitsiyani yo’qotishidan xavotir olishi kerak deb o’ylayman. Aks holda, AQSh pozitsiyasi nafaqat dunyoda zaiflashadi, balki biz uchun muhim bo’lgan xavfsizlik bo’yicha pozitsiyamizni ham kuchsizlantiradi. Shuning uchun bizga Turkiya kerak”, - deydi Markaziy Razvedka Boshqarmasi sobiq direktori Leon Panetta.
Ayni paytda, Anqarada tanglik holati sezilib turibdi. 20-avgust kuni AQSh elchixonasi o’tib ketayotgan mashinadan o’qqa tutilgan. Yaralanganlar yo’q.
Facebook Forum