Xitoy, Yevropa va dunyoning boshqa davlatlariga qo'yilgan savdo tariflari AQShdagi iste'molchilar va kichik bizneslarga foydadan ko'ra ko'proq zarar yetkazishi mumkin. Tahlilchilar fikricha, bugungi global iqtisodiyotda ko'plab kompaniyalar mahsulotlarining faqat ayrim qismlarinigina o'zlari ishlab chiqaradi, qolganlarini xorijdan import qilishadi. Xitoydan keladigan elektron butlovchi qismlarga qo'yilgan boj allaqachon AQShda televizor zavodining yopilishiga sabab bo'ldi. Mamlakat dehqonlari ham qarshi qo'yilgan tariflardan xorijdagi bozorlarni boy berib qo'yishdan xavotirda.
Tramp ma'muriyati tomonidan Xitoy elektron ehtiyot qismlariga qo'yilgan tariflar natijasida AQShning televizor yig'uvchi yagona zavodi o'z ishini to'xtatishga majbur bo'ldi. Janubiy Karolinadagi "Element Electronics" kompaniyasi ikki oy ichida yopilishini va 136 ishchisidan 126 tasini bo'shatishini e'lon qildi.
"Bu kulgili. Amerika ishlab chiqaruvchilariga yordam berish niyatida yo'lga qo'yilgan siyosat aslida Amerikada televizor ishlab chiqaruvchi kompaniyada ish o'rinlarini yo'q qilyapti", - dedi Janubiy Karolina shtati senatori Mayk Fenning.
Tahlilchilar fikricha, bu kabi kichik bizneslar, ayniqsa, xavf ostida, chunki ular ko'pincha butlovchi qismlarni xorijdan sotib oladi.
"Mamlakatlar ortiq mahsulot ishlab chiqarmayapti. Ular faqat bir qismini yasaydi, qolganini chetdan import qiladi. Biz hozir qaychi olib, mana shu bog'liqlikni uzyapmiz. Bu esa dunyo savdo tartibini ishdan chiqaradi", - deydi tadqiqotchi Roy Verl.
Xitoy AQShning 34 milliard dollarlik mahsulotlariga, jumladan, soyaga 25 foiz tarif joriy etdi. Bu o'lka Amerika soyalari uchun eng katta bozor hisoblanadi. Tramp ma'muriyati tarifdan aziyat chekkan dehqonlarga 12 milliard dollargacha yordam berilishini e'lon qildi. Tahlilchilar fikricha, bu ularni qutqara olmaydi.
"Agar Xitoy soya sotib olish uchun Braziliya, Argentina va boshqa bozorlarga yuzlanadigan bo'lsa, Amerika dehqonlari masalasi yanada yomonlashadi", - deydi tahlilchi Jon Rojers.
AQSh hukumati yaqin ittifoqchilari bilan ham savdo urushiga kirishgan. Yaqinda Turkiya metallariga tariflar qo'yildi. Prezident Donald Trampga ko'ra, ko'plab davlatlar AQSh bilan hamkorlikni suiiste'mol qilyapti. U, shuningdek, ishlab chiqarishni Amerikaga qaytarmoqchi. Ammo, deydi kuzatuvchilar, ayrim iqtisodiy o'zgarishlarni ortga qaytarib bo'lmaydi.
"Texnologiya o'zgardi va u ishchi kuchi arzon bo'lgan Xitoy, Malayziya va Nepal kabi joylarga ketdi. Iqtisodiyot qonunlari ishlaydi va ular shafqatsiz. Hukumatlar ularning yo'lini to'sa olmaydi", - deydi Roy Verl.
Hozircha AQShdagi iqtisodiy o'sish yangi ish o'rinlari yaratmoqda. Ishsizlik 4 foizdan pastga tushgan. Bu so'nggi 20 yildagi eng yaxshi ko'rsatkich. Ammo savdo urushlari bu o'sishni to'xtatib qo'yishi mumkin.
Facebook Forum