Breaking News

Senat Trampning savdo siyosatiga qarshi


Kongress va Trampning savdo siyosati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:31 0:00

Kongress va Trampning savdo siyosati

Har ikki partiyaga mansub AQSh senatorlari Prezident Donald Trampning savdo siyosatini qoralashda davom etmoqda. Kongress milliy xavfsizlikni ro'kach qilib import tariflarini joriy etishda qonunchilar rolini kuchaytirish uchun ovoz berdi.

Tramp olib borayotgan savdo urushi Kapitoliyda jiddiy noroziliklarga sabab bo'lmoqda.

"Prezident o'z vakolatini suiiste'mol qilyapti. Bu mo'ljalga olishdan oldin otishga o'xshaydi", - deydi respublikachi senator Bob Korker.

"Eng yaqin hamkorlarimizga berilayotgan zarba milliy xavfsizligimiz uchun zarar. Bu yaxshiroq savdo kelishuvlarini qo'lga kiritishga, shtatim aholisiga ziyon yetkazadi", - deydi demokrat Kris Kuns.

Ayniqsa, po'lat va alyuminiyga qo'yilgan tariflar ishlab chiqarish xarajatini oshirib, AQSh mahsulotlariga qarshi yangi bojlar qo'yilishiga sabab bo'lmoqda.

"Oq uy uzoq muddatli foyda uchun qisqa muddatli og'riqqa tayyormiz, degan emish. Bizga yetkazilayotgan doimiy zarar haqida ham o'ylayapmizmi?" - deydi senator Ron Jonson.

"Prezident Tramp strategiyasiz savdo urushi boshladi", - deydi senator Kuns.

Hukumat esa milliy xavfsizlik shunday choralarni taqozo qilishini aytmoqda.

"Bu sanoatlarning muvaffaqiyat qozonishi milliy xavfsizlik masalasi. Qonunda ham bu ko'zda tutilgan. Prezident o'z vakolatlari doirasida harakat qilmoqda. Strategiya bor", - deydi Davlat kotibi yordamchisi Manisha Singh.

200 milliard dollarlik Xitoy mahsulotlariga yangi boj solindi. Bu qarorni olqishlayotganlar ham bor.

"Xitoy iqtisodiyoti ko'proq zarar ko'radi. Biz global miqyosda barcha savdo hamkorlarimiz bilan erkin va adolatli tijorat qilishni xohlaymiz. Xitoy bunga yo'l qo'ymayapti", - deydi senator Tom Garret.

"Maqsadimiz - Xitoy siyosatini o'zgartirsin", - deydi Manisha Singh.

Boshqalarga ko'ra, bunga erishish uchun savdo urushini emas, balki hamkorlar bilan birga ishlashni yo'lga qo'yish kerak.

"Afsuski, ma'muriyat ittifoqchilarimizga qarshi mas'uliyatsiz hujum boshladi. Ularni Xitoy iqtisodiy siyosatiga qarshi birlashtirish o'rniga, o'zimizdan uzoqlashtirib, aksincha, dushmanlarimizga yaqinlashtirdik", - dedi senator Bob Menendez.

Senat milliy xavfsizlikka aloqador savdo tariflarini Kongress tekshiruvidan o'tkazishga oid rezolyutsiya qabul qildi.

"Savdo bitimlarini Kongress ma'qullashi kerak. Savdo urushlarini Kongress tasdiqlashi lozim", - dedi senator Tim Keyn.

Keynga ko'ra, agar Tramp tariflar orqali jazolash siyosatini davom ettirsa, Kongress chora ko'radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG