Tramp ma'muriyati Xitoyning 200 milliard dollarlik mollariga qo'shimcha boj joriy qilgach, bundan birinchi navbatda AQShdagi portlar eng ko'p zarar ko'rishi mumkinligi aytilmoqda. Kaliforniyadagi Los-Anjeles va Long-Bich egizak portlari uchun Xitoy eng katta mijoz. Ularning taqdiri butun mamlakat iqtisodiyotiga ta'sir ko'rsatishi mumkin.
So'nggi bir necha haftadan beri Los-Anjelesda ulgurji import biznesiga ega Lian Lianning boshi qotgan.
"Har kuni yangiliklarni ko'raman. Tariflar qachondan kuchga kiradi? Tovarlarim qachon yetib keladi? Vaqt bilan kurash bu. Yilning oxirigacha yetadigan mahsulotlarimga hozirdan buyurtma bermoqchiman", - deydi u.
Lianning aksariyat tovarlari, masalan, o'yinchoqlar va futbolkalar Xitoydan keltiriladi. Yetkazib berish narxlari 10-20 foizga o'sishi kutmoqda. Chunki tariflar bois narxlar oshar ekan, buyurtma kamayadi, deydi u.
"Buyurtmalar kamaysa, yetkazib berish narxlari oshadi, chunki tashiladigan tovar hajmi kamaysa, xarajatlar o'zini oqlashi uchun narxlarni oshirishadi", - deydi Lian.
Xitoydan AQShga tovar tashish xarajati nafaqat tarifga yo'liqqan mahsulotlarga, balki kirib kelayotgan barcha tovarlarga ta'sir qiladi. Portlar, omborxonalar va yuk tashish bizneslari savdo urushining ilk qurbonlari bo'ladi.
Lian foydani kamaytirib, biznesini asrab qolishdan umidvor.
"Lekin tariflar yana 10-20 foizga oshsa, narxlarimizni oshirishga majbur bo'lamiz", - deydi u.
"Bu esa iste'molchilarning hamyoniga zarar qiladi", - deydi Jahon Savdo Tashkiloti vakili Stiv Chyun.
"Bizneslar bu tariflarga munosabati qanday, ta'minot tizimlariga qanday ta'sir qiladi, buni ko'rishimiz kerak", - deydi Long-Bich portidan Duan Kenegi.
Unga ko'ra, portdagi tovar aylanmasi bu yil rekord darajaga yetgan. Lekin bu uzoqqa cho'zilmaydigandek.
"Uzoq muddatli savdo urushi har ikki mamlakat uchun falokatli", - deydi Kenegi.
Oq uy rasmiylariga ko'ra esa, tariflar Amerika bizneslari uchun foydali.
"Prezident qo'llagan tariflar Amerikaning po'lat va alyuminiy sanoatini tiriltirish uchun muhim. Importlarni bu tarzda nazoratsiz davom ettirish milliy xavfsizligimizga tahdid soladi", - deydi Savdo vaziri Vilbur Ros.
Lian hanuz umidini uzgani yo'q. U savdo urushi siyosiy tahdiddan nariga o'tmaydi, degan fikrda.
"Xitoyning ham o'z pozitsiyasi bor. Xitoy hukumati 1,4 milliard kishilik xalq uchun mas'ul. Shu bois Xitoy va AQSh sirtdan qaraganda kelisha olmaydi. Tramp esa noyabrdgi saylov oldidan o'ziniki ko'rsatishi kerak. Saylovchilari oldida u ham javobgar", - deydi u.
Ekspertlar nazarida Amerikaning intellektual mulkini himoya qilish hamda adolatli savdo qoidalarini yo'lga qo'yish muhim, lekin savdo urushining zararini kamaytirish choralari ham ko'rilishi kerak.
Facebook Forum