Breaking News

Anqara Eron sanksiyalari bo'yicha Vashington bilan to'qnashmoqda


AQSh Prezidenti Donald Tramp (chapda) Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an (o'ngda) bilan "Katta 20 lik" sammitida, Gamburg, Germaniya, 7-iyul, 2017-yil.
AQSh Prezidenti Donald Tramp (chapda) Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an (o'ngda) bilan "Katta 20 lik" sammitida, Gamburg, Germaniya, 7-iyul, 2017-yil.

AQSh Prezidenti Donald Trampning Eronga qarshi sanksiyalarni tiklashi Turkiya bilan ziddiyatlarni yanada kuchaytirmoqda.

"Sanksiyalarimizni kuch bilan ijroga kiritamiz. Bu esa ayrim kompaniyalar, banklar va hukumatlar uchun sinov bo'ladi. Ular kim bilan biznes qilishni xohlaydi, shuni aniqlashtirib olishlari kerak," - dedi Oq uy rasmiylaridan biri.

Anqaraga ko'ra esa, Trampning bir tomonlama qarori boshqalar uchun majburiy emas.

Eronga qarshi jazo choralarining birinchi bosqichi 7-avgustdan kuchga kirdi. Asosan, moliyaviy amaliyotlar hamda Eron bilan ishlovchi tijoriy havo kompaniyalari savdolari nishonga olindi. Noyabrda boshlanadigan ikkinchi bosqichda Eron energiya sektori nishonga olinishi kutilyapti.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li AQSh sanksiyalariga bo'ysunish ehtimolini rad etib, Anqara faqat xalqaro kelishuvlar talablarini bajarishini ta'kidladi. Turkiya Tehronni muhim savdo hamkori sifatida ko'radi.

Energiya ehtiyoji yuqori bo'lgan Turkiya uchun Eron nefti va gazi muhim. Shu yilning dastlabki olti oyi davomida Turkiya har kuni Erondan o'rtacha 176 ming barrel neft sotib olgan. Bu jami Turkiya importining 49 foizini tashkil etadi.

Sovuq aloqalar

Turkiya-AQSh aloqalari anchadan beri keskin ahvolda. O'tgan hafta Vashington AQShlik ruhoniy Endryu Bransonning Turkiyada hibsda qolayotgani munosabati bilan Turkiyaning ikki vaziriga sanksiya qo'lladi.

Xabarlarga ko'ra, Vashington Anqaraga neftni Erondan emas, Saudiya Arabistonidan olishni tavsiya qilgan. Turkiyadagi manbaning aytishicha, sifati past Saudiya neftini sotib olish Turkiyaga nafaqat qimmatga tushadi va balki qayta tozalash punktlarini sozlash va tayyorlash ko'p vaqt ham oladi.

Anqara faqat Saudiya Arabistoniga bog'lanib qolishning strategik oqibatlaridan ham xavotirda.

"Turkiyaga neftni Saudiya Arabistonidan olishni aytishmoqda. Qo'shni Eron bilan allaqachon quvurlar mavjud va u orqali arzon narxga olish mumkin. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni Anqaraga qarshi kayfiyati o'zgarsa, neft asosli narxlarda to'xtamay kelib turishiga kim kafolat bera oladi?" - deydi Turkiya prezidenti maslahatchisi Ilnur Chevik "Sabah" gazetasida chop etgan maqolasida.

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Eronga sanksiya qo'llaganda Turkiyaga ayrim imtiyozlarni bergan edi. Shunga qaramay, deydi tanqidchilar, Anqara cheklovlarni yanada ko'proq aylanib o'tish uchun dollar o'rniga oltin qo'llab, Eron bilan savdoni davom ettirgan.

Turkiya bir paytlar oltinni eng ko'p import va eksport qiladigan mamlakatlardan biri edi. Vashington endi Tehron bilan oltin orqali savdo qilishni ham taqiqlab qo'ydi.

Turkiyaning Xalq banki bo'limlaridan biri, Istanbul, Anqara
Turkiyaning Xalq banki bo'limlaridan biri, Istanbul, Anqara

Xalq banki ishi

Shu yil boshida Nyu-York sudi Turkiyaning davlatga qarashli Xalq banki yetakchi rasmiylaridan birini Eronga qo'yilgan sanksiyalarni buzishda aybdor deb topdi. AQSh Moliya vazirligi bankka qarshi jarima solish chorasini ko'rib chiqmoqda. Bu bir necha milliard dollarni tashkil etishi mumkin.

Tahlilchilar fikricha, Xalq banki ishi Anqara uchun ogohlantirish bo'lishi mumkin. Turkiya moliyaviy tizimi kelajakda ham shunday jazo choralariga yo'liqishi mumkin, deydi ular.

AQSh-Turkiya ziddiyatlarining chuqurlashuvi Turkiya moliya bozori uchun qimmatga tushmoqda. O'tgan hafta Turkiyaning ikki vaziri AQSh sanksiyasiga uchrashi oqibatida turk lirasi katta yo'qotishga uchradi. 6-avgust kuni AQSh iqtisodiy sanksiyalari e'loni ortidan lira yanada qadrsizlandi.

Aloqalar sovuqlashgan bir pallada Turkiya delegatsiyasi shu hafta Vashingtonga kelishi kutilyapti. O'zaro uchrashuvlarda Suriya siyosati, hibsdagi amerikalik ruhoniy taqdiri hamda ikki davlat o'rtasidagi ziddiyat bois Anqaraning Moskvaga yaqinlashuvi masalasi muhokama qilinishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG