Kim yutdi? Har ikki partıya?
Prezident saylovlariga hali yana ikki yil bor. Donald Tramp rahbarlikda qolmoqchi ekan, 2020-yilgacha ko'plab to'siqlar bilan yuzlashishi va ularni yengib o'tishi kerak bo'ladi.
Spikerlikka qaytayotgan demokrat Nensi Pelosi Oq uyga o'z partiyasi vakilini saylashni asosiy maqsadlardan biri deb belgilagan.
435 a'zolik Vakillar palatasi demokratlar qo'liga o'tadi. 2010-yildan beri u yerda respublikachilar ko'pchilik o'rinni egallab kelayotgan edi. Nensi Pelosi, Amerika tarixidagi birinchi ayol spiker, ikkinchi bor bu lavozimga o'tiradi.
Bugungi saylovlar demokratlar uchun ulkan g'alaba. 100 a'zolik Senatda ular hukmronlikka kela olmadi. Biroq vakillar prezidentga qarshi turishda katta vakolatlarga ega. Yangi saylanganlar orasida ayollar katta sonni tashkil etadi. Irq, kelib chiqishi, e'tiqodi va qarashlari yuzasidan xilma-xil odamlar.
Kongress rang-baranglashishi katta yutuq, deydi siyosiy tahlilchilar. Olti yilga saylanadigan senatorlar, ikki yilga saylanadigan vakillar orasida uzoq yillardan beri o'rnini boy bermay kelayotganlar talay.
Har ikki partiyada avlodlar yangilanishi kerak, deydi sharhlovchilar, shundagina siyosatda ham arzigulik o'zgarishlar bo'ladi.
Prezident Tramp uchun Vakillar palatasi muxolifatga o'tishi shum xabar, chunki Oq uy qarorlariga qarshi turib, demokratlar nafaqat prezidentning maqsadlariga g'ov bo'ladi yoki unga nisbatan choralar ko'radi balki uning qayta saylanish umidlarini ham puchga chiqarishi mumkin.
Boshqa jihatdan esa Senatdagi respublikachilar qarshiligi bois demokrat vakillar ko'plab niyatlariga yeta olmasligi mumkin.
Respublikachilar AQSh Senatida hukmronlikni saqlab qoldi
Bugungi saylovlar natijasi shundan dalolat bermoqda. 2014-yilda demokratlar undagi ko'pchilik o'rinni boy bergan. Biroq bu safar ham uni qayta egallay olmadi. Lekin kurash keskin kechdi, ayrim shtatlarda ovozlar soni bir-biriga juda yaqin. 100 a'zolik Senatda hukmronlik qilish uchun 50 dan oshiq o'rinni qo'lga kiritish kerak.
Keskin kurash
AQShning 31 saylov tumanida demokratlar oldinda, sakkiztasida esa respublikachilar. Ahamiyati shuki, bu hududlarda shu kungacha narigi partiya hukmronlik qilgan. Shu bois ham amerikaliklar natijani hayajon bilan kutmoqda.
Ko'plab shtatlarda har ikki partiyadan senatorlar o'z o'rinlarini saqlab qolgan.
Vakillar palatasida ko'pchilik o'ringa ega bo'lish uchun hozirgi o'rinlarni saqlab qolgan holda yana 17 joyni yutishi kerak.
Senatda esa uch o'rinni qo'lga kiritishlari kerak.
Vakillari palatasi 2010-yildan beri respublikachilarniki, Senat esa 2014-yildan buyon.
Saylov tahlilchilari taxminicha, demokratlar Vakillar palatasida ko'pchilik o'rinni ola bilsa-da, Senatni egallay olmasligi mumkin. Ko'plab shtatlarda demokrat gubernatorlar yutmoqda.
Bugungi saylovlarda amerikaliklar asosan Tramp prezidentligi, iqtisod, sog'liqni saqlash, xavfsizlik, immigratsiya va qurol nazoratiga qarab ovoz bergan.
Aksariyat saylovchilar Oq uydan norozi va Amerika noto'g'ri yo'ldan ketmoqda deb hisoblaydi. Biroq, deydi ular, ovoz berayotganida boshqa omillar ham rol o'ynagan.
Katta yangilik: bugun 105 millionga yaqin amerikalik ovoz berishga chiqqan bo'lishi mumkin, ya'ni bu huquqqa ega aholining 45 foizdan oshig'i. Oraliq saylovlar uchun bu yuqori ko'rsatkich. 2016-yildagi prezident saylovlarida 137 million amerikalik ovoz bergan edi. Odatda davlat rahbari uchun saylovlarda ko'proq odam qatnashadi.