Prezident Tramp saylov kampaniyalarida faol bo'ldi
Prezident Donald Tramp saylov arafasidagi so'nggi kunlarini shtatlar bo'ylab yurib, respublikachi nomzodlarni qo'llab-quvvatlash kampaniyalari bilan o'tkazdi.
Bu galgi saylov prezident faoliyati yuzasidan referendum vazifasini ham o'tashi kutilyapti. Chunki respublikachilarning qancha o'rinni qo'lga kiritishi aholi amaldagi prezidentni qanchalik qo'llab-quvvatlashini ko'rsatadi. Ayni paytda saylov oldidan o'tkazilgan ommaviy so'rovlar Prezident Trampning reytingi ancha past ekanini ko'rsatmoqda.
Ogayoning Klivlend shahrida tarafdorlari davrasida gapirgan Tramp ushbu shtatdan Kongress uchun demokrat nomzodlarni "sotsialist" deb atadi va saylovchilarni seshanba kuni ularni to'xtatishga chaqirdi.
"Ovozingiz bilan ularni to'xtata olasiz", - dedi u.
Ayni paytda sobiq prezident Barak Obama ham demokratlarni himoya qilib saylov kampaniyalarida qatnashdi.
"Butun mamlakat bo'ylab buyuk uyg'onishni ko'ryapman. Bu uyg'onish menga umid beryapti", - dedi Obama.
So'nggi so'rovlarga ko'ra, respublikachilar Senatdagi ustunlikni saqlab qoladi, Vakillar palatasida esa ko'pchilik o'rinlarni demokratlar qo'lga kiritadi.
Saylov uchastkalari ochildi
AQSh bo'ylab Kongress oraliq saylovlari uchun ovoz berish boshlandi. Aksariyat shtatlarda saylov uchastkalari ertalab soat 7:00 dan ochildi.
Saylovlar bu mamlakatda har doim noyabrning dastlabki seshanbasida bo'lib o'tadi. Bu ish kuni bo'lgani bois, ko'pchilik ishga borishdan oldin yoki ishdan chiqib ovoz beradi. Uchastkalar, odatda, kech soat 20:00 da yopiladi.
Saylov natijalari jonli infografikada
Saylov haqida maxsus infografikalarni yaratdik. Bu yerda siz har bir shtatda kim g'alaba qozonganini va qaysi partiya qancha o'rinni qo'lga kiritganini kuzatib borishingiz mumkin. Ma'lumotlar har bir shtatda natijalar ma'lum qilinishi bilan yangilanadi. Bizni kuzatib boring.
Batafsil ma'lumotlar esa mana bu manzilda.
6-noyabr - AQSh Kongressi uchun oraliq saylovlar kuni
AQSh Kongressi uchun oraliq saylovlar qizg'in pallaga kirdi. 6-noyabr kuni demokratlar va respublikachilar Senatda 35, Vakillar palatasida esa jami 435 o'rin uchun kurash olib boradi. Ko'pchilik bir masalada yakdil: bu galgi saylovda Tramp shaxsiyatining o'rni muhim.
Byulletenlarda Trampning nomi yo'q, ammo saylov natijasi uning prezidentligi kelajagini hal qilishi mumkin.
Hozir har ikki palatada respublikachilar ustun. Ammo saylovdan so'ng Vakillar palatasi demokratlar nazoratiga o'tishi kutilyapti. 23 ta o'rinni egallasa, ular buni uddalaydi. Senatdagi joylarning faqat bir qismi ovozga qo'yilgani bois, unda demokratlar aksariyat o'rinlarini qo'lga kiritishi ehtimoli yuqori emas.
Federal Saylov komissiyasi ma'lumotiga ko'ra, nomzodlar saylov kampaniyasi uchun 2,3 milliard dollar mablag' jamg'argan.
Demokratlar to'plagan pul raqiblarinikidan 400 millionga ko'p.
Bu amaldagi respublikachi qonunchilar uchun shum xabar, deydi kuzatuvchilar.