Uzoqdan turib ovoz berishingiz mumkin
Prezident Donald Tramp bugungi saylovlarda ona shahri Nyu-Yorkda ovoz bergan, lekin Vashingtondan turib. Minglab amerikaliklar safarda bo'lgani uchun yoki biror sabab bilan xorijda yurgani uchun uzoqdan ham ovoz berishi mumkin. Qanday shaklda berish siz yashaydigan hududning saylov tizimiga bog'liq. Elektron tarzda yoki yozma bo'lishi mumkin.
Amerikaliklar uchun bu saylovlarda eng muhim to'rt masala: sog'liqni saqlash, immigratsiya, iqtisod va qurol nazorati. Ommaviy so'rovlarda saylovchilarning aksariyati Prezident Trampdan norozi ekanini bildirgan va aynan bois ovoz berishga chiqqanini aytgan.
Demokratlar yoki Respublikachilar?
Kongress kimning qo'lida bo'ladi? Saylov natijalarini kutayapmiz.
Demokratlar 2010-yilda qonunchilik organidagi qudratni boy bergan. Bugungi saylov jarayonida amerikaliklarning aksariyati Prezident Tramp siyosatiga qarshi ekanini aytgan. Biroq bu ular demokratlarga ovoz bermoqda, degani emas. Saylovchi bu mamlakatda mahalliy masalalarga qarab qaror qiladi. Iqtisod, xavfsizlik, atrof-muhit, ta'lim va sog'liqni saqlash uning uchun birlamchi omillar.
Hozircha...
Demokratlar Vakillar palatasidagi besh o'rinni respublikachilardan tortib olgan. Palatada hukmronlik qilish uchun ularga 23 o'rin kerak va albatta ular hozirgi joylarini ham saqlab qolishlari zarur. Har ikki partiyada hozircha katta mag'lubiyatlar kuzatilmadi. Yutganlar asosan o'z o'rnini saqlab qolgan qonunchilar va gubernatorlar. Lekin hali natijalar e'lon qilinmagan tumanlardan 21 tasida demokratlar qo'li baland ekani aniq. Respublikachilar esa demokratlarning uch tumanida ulardan o'tib ketgan.
Yirik shtat Texasda respublikachi, 2016-yilda prezidentlikka da'vogarlik qilgan Ted Kruz senatorlikni demokrat raqibiga boy berishi mumkin. Kongressmen 46 yoshli Beto Orurk ovozlar bo'yicha oldinda.
Virjiniya shtatida demokrat Jennifer Vekston respublikachi Barbara Komstokdan Vakillar palatasidagi o'rnini tortib olgan.
Florida shtatida demokrat Donna Shalala Vakillar palatasiga saylangan. Bu ham partiya uchun yangi o'rin.
6-noyabr, 2018: Amerika bo'ylab...
Bugun bu mamlakatda berilgan ovoz natijasida 435 a'zolik Vakillar palatasi qanchalik yangilanadi? 100 a'zolik Senat-chi? Shtatlar, shahar va tumanlarda ham yangi siyosatchilar maydonga chiqa oladimi? Natijalarni shu yerda kuzatib boring.