Breaking News
Din

Kaliforniyada iroqlik nasroniylar qanday yashamoqda?


Kaliforniyaning El-Kaxon shahrida ko'plab iroqlik xaldey nasroniylari yashaydi.
Kaliforniyaning El-Kaxon shahrida ko'plab iroqlik xaldey nasroniylari yashaydi.

Kaliforniyaning El-Kaxon shahrida ko'plab iroqlik xaldey nasroniylari yashaydi. Xaldeylar miloddan avvalgi 7-asrda Yangi Bobil davlatiga asos solgan somiylar qabilasidan chiqqan xalq. O'tgan 20 yil davomida ularning soni yanada oshgan. Ayni paytda xaldeylar tarixiy vatanlarini ham unutgani yo'q.

Minglab iroqlik xaldey oilalari uchun Kaliforniyaning El-Kaxon shahri ikkinchi vatan.

"Bu yerda o'zingizni Amerikada emas, balki Iroqda yurgandek his qilasiz. Muhit, taomlar, do'stlaringiz, hatto shaharni aylansangiz ham, inglizcha gapirishga hojat sezmaysiz", - deydi Karam Hizayr ismli mahalliy tadbirkor.

Amerikada bir million xaldey mazhabidagi katoliklar yashaydi. Ularning chorak qismi El-Kaxon shahrida. Qolganlari Michigan va Kaliforniya shtatlarining boshqa qismlarida. El-Kaxonga kelib biznes ochayotganlar ham bor.

"Iroqda zargar edim, Amerikada ham zargarman. Bu yerda iroqliklarning katta jamiyati bor. Mening biznesim yaxshi, chunki iroqliklar oltinni yaxshi ko'radi, ayniqsa, 21 karatligini", - deydi Raid Henne ismli iroqlik.

Karam Hizayrning aytishicha, Iroqda hayot yaxshi bo'lgan, lekin "Islomiy davlat" jangarilari ularni vatanini tashlab ketishga majbur qilgan.

"Har bir iroqlikda chuqur jarohat bor. IShID kirishi bilan bizning shahar vayron bo'ldi. Biz Musuldanmiz, hamma narsamizni tashlab qochdik. Iroqni tark etib, bugun Amerikadamiz", - deydi u.

Xaldeylar bugun tarixiy vatanlaridan minglab kilometr olisda, lekin madaniyat va urf-odatlarini shu yerda ham davom ettirmoqda. Ular tez-tez yig'ilib turishadi. Musiqa kechalari o'tkazib, birga ibodat qilishadi.

Xaldeylar vatandan olisda kichik vatan qurib, bir-birlariga yordam qo'lini cho'zmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG