Breaking News

Yaqin Sharq nasroniylari Iroq va Suriyada tinchlikdan umidvor


Yaqin Sharqdagi mojarolar haqida nasroniy arablar nima deydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

Yaqin Sharqdagi mojarolar haqida nasroniy arablar nima deydi?

Iroq va Suriyadagi urush nafaqat qochoqlar hayotiga, balki mintaqaga aloqasi bor ko'plab AQShliklarga ham salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Shu o'lkalardan ko'chib kelgan nasorolar yaqinda Vashington atrofidagi bir cherkovda yig'ilib, Yaqin Sharqqa tinchlik so'rab ibodat qilishdi.

Yaqin Sharq nasroniylari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:53 0:00

Bu yerga yig'ilganlar turli davlatlardan kelishgan. Ammo ularning maqsadi bir: Yaqin Sharq haqqiga tinchlik so'rab duo qilish.

Vashington tevaragidagi Avliyo Afraym pravoslav cherkovi ibodatga mezbonlik qildi. Bu yerga Suriya, Efiopiya, Livan va Armaniston kabi davlatlardan kelgan nasorolar yig'ildi.

Duogo'ylar Suriya va Iroq urushi qurbonlarini xotirlab, qonli mojaro tezroq tugashini va yuz minglab qochoq nasroniylar o'z uylariga qaytishini niyat qilishdi.

Yunon pravoslav ruhoniysi Pavel Yazigi hamda suriyalik ortodoks dindor Jon Ibrohimning suratlari cherkov sahniga qo'yilgan.

Bu ikki arbob Suriyaning Xalab shahri yaqinida insonparvarlik yordami ko'rsatayotgan payt o'g'irlab ketilgan. Ularning qayerda ekani hanuz noma'lum. Suriyaliklar cherkovi rahnamosi Fadiy Abdulahadning aytishicha, bu ruhoniylarning taqdiri Yaqin Sharqning nasroniylar uchun naqadar xavfli ekaniga yana bir dalildir.

"Agar Damashq va Xalab kabi katta shaharlar haqida gapiradigan bo'lsak, u yerdagi odamlarda hanuz yashashga umid borligini ko'ramiz. Chunki ular katta shahar hamda isyonchilar va terrorchilar u yerlarga hali o'rnashmagan. Suriyaning boshqa joylarida, nasroniylar yashovchi qishloqlarda vaziyat boshqacha. Ular terrorchilar qurshovida", - deydi suriyalik ruhoniy.

"Ochiq eshiklar" tashkiloti hisobotiga ko'ra, "Islomiy davlat" va boshqa terrorchi tashkilotlar zug'umi oqibatida iroqlik nasroniylarning 70 foizi, Suriya nasorolarining esa 40 foizdan ortig'i o'z yurtlarini tark etgan.

"Hayot go'zal edi. Hamma narsamiz bor edi", - deydi suriyalik muhojir qiz.

"Urush tufayli Iroqni tark etdim va Xalabda besh yarim yilcha yashadim. Keyin AQShga keldim. Urush boshlanishi bilan hayotimiz xavf ostida edi. Iroqda nasorolarga, nasoro oilalarga qarshi tazyiqlar juda ko'p", - deydi iroqlik yana bir muhojir.

Diniy ozchilik elatlar Yaqin Sharqdagi zo'ravonliklarga qarshi G'arb yordamidan umid qilmoqda.

AQSh Iordaniya, Livan va Turkiya kabi qo'shni davlatlarga tarqalib ketgan Suriya muhojirlariga yordam berish maqsadida uch milliard dollar ajratgan, ammo faqat 300 muhoijirni o'z hududiga qabul qilgan. AQSh Davlat departamenti bu borada yaqin kelajakda vaziyat yaxshilanishini aytmoqda.

Ko'plab nasroniylar, agar hozir vatanlarini tark etsa, kelajakda qaytib kela olmasliklaridan xavotirda. Ammo ixtilof ko'lami kengayib borar ekan, mamlakatini tark etayotganlar soni ham oshmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG