Breaking News
Din

Nasroniylar e'tiqod erkinligi toptalayotganidan nolimoqda


Rus pravoslav cherkovida
Rus pravoslav cherkovida
Sobiq Sovet o’lkalarida diniy erkinlik deganda nima tushuniladi va bugungi ahvol qanday? Mustaqil davlatlarning bosh qomusida fuqaro istagan diniga e’tiqod qilishga haqli deya kafolatlangan. Lekin har bir mamlakat bunga o’z tarixi, madaniyati, asosiy dini va amaldagi siyosatidan kelib chiqqan holda yondashadi. Vashingtonda, Kongress joylashgan Kapitoliy binosida huquqshunoslar va, asosan, nasroniy yetakchilar yig’ilib, shu haqda fikr almashdi.

Sobiq sovet o'lkalarida diniy erkinlik, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:04 0:00
Yuklab oling

ROSSIYA

Bugun Rossiyada 25 mingdan ortiq diniy tashkilot ro’yxatdan o’tgan. Huquqshunos Anatoliy Pchelintsev hozir mamlakatda vaziyat ancha yaxshi ekanini aytadi. Ammo qonunlarni mukammallashtirish, barcha diniy guruhlarning qonuniy himoyaga ega bo’lishini ta’minlash masalasida muammolar ko’p, deydi u.

“Rossiyada Rus pravoslav cherkovi va davlat o’rtasida aloqalar kuchayib bormoqda. Ammo davlatning noan’anaviy boshqa diniy guruhlarga nisbatan munosabati yaxshi emas. Diniy haq-huquqlar bo’yicha hukumat vakillari savodsizligi ko’zga tashlanadi. Bu qonunlarda ham aks etgan. Pravoslav nasorolardan boshqa guruhlar tez-tez hukumat tazyiqiga uchrab turadi”, - deydi rossiyalik huquqshunos.

Pchelinstevning aytishicha, 1997-yil Rossiyada Vijdon erkinligi to’g’risidagi qonunning qabul qilinishi katta qiyinchilik va bahs-munozaralar bilan amalga oshdi.

“Qonun matni xalqaro standartlarga mos bo’lmagani uchun xorijdan besh mingdan ortiq e’tirozlar tushgan. Ularning bir qismi hisobga olinib, nihoyat qonun qabul qilindi. Biz undagi ayrim moddalar yuzasidan to’rt marta Rossiya Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qildik. Mana shu harakatlarimiz oqibatida qonun ancha yaxshi ko’rinishga keldi, deb aytishimiz mumkin. Ammo kamchiliklar hanuz bor. Diniy faoliyat, diniy ta’lim, mayda diniy guruhlar haq-huquqlarini himoya qilish masalalarida noaniqliklar ko’p”, - deydi Pchelintsev.

Huquqshunos nazarida, muammolarni yechish uchun, avvalo, qonunchlarning diniy huquqlar bo’yicha savodxonligini oshirish kerak.

O'ZBEKISTON

Yig’inda shaxsan ishtirok etmagan, ammo o’z kuzatuvlarini yozma ravishda taqdim etgan o’zbekistonlik huquqshunos Pyotr Ivanov nazarida, Markaziy Osiyo -nasoro missionerlari qattiq ta’qib qilinadigan mintaqa.

“O’zbekistonda hukumat terrorizmga qarshi shafqatsiz kurash usullarini nasorolar kabi oz sonli diniy guruhlarga nisbatan ham qo’llamoqda. 2000-yillar boshida musulmonlar haq-huquqlari qattiq cheklangan bir paytda nasorolarga qarshi ham hujum boshlandi. Hukumat faqat musulmonlarni emas, balki nasorolarni ham, boshqa diniy guruhlarni ham nazoratga olayotganini go’yo dunyo musulmon davlatlariga ko’rsatmoqchi bo’ldi”, - deyiladi Ivanov bayonotida.

O’zbekistonda rahbariyat missionerlarni xorij ayg’oqchlari, ularga ergashganlarni esa vatan xoinlari deb biladi. Uyida nasorolikka oid har qanday diniy adabiyot topilgan fuqaro javobgarlikka tortilmoqda, deydi mutaxassis.

BELARUS

Belaruslik huquq faoli, ilgari prezident Aleksandr Lukashenko ma’muriyatida ishlagan Ivan Pashkevichning aytishicha, uning vatanidagi vaziyat Rossiya va Ukrainadagi holatga o’xshaydi.

“Sovet Ittifoqi qulab, mustaqil davlatlar paydo bo’lgach, har bir mamlakat bo’shab qolgan kommunistik g’oya o’rnini qoplash uchun o’z milliy mafkurasini qidirishga tushdi. Afsuski, bu jarayonda men ham ishtirok etdim va buning qanday yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini o’sha paytda bilmagan edim. Milliy mafkurani nasorolik ustiga qurish g’oyasini o’sha paytlar qattiq qo’llab-quvvatladim. Ammo savol tug’iladi: Belarusda nasorolarning 26 mazhabi bor, ularning qaysi birini olish kerak? Bu savol Rossiyada ham, Ukrainada ham bor. Milliy mafkura uchun pravoslaviya e’tiqodi qabul qilindi. Natijada pravoslav nasorolar nufuzi kuchayib, boshqa diniy guruhlar kamsitila boshlandi ”, - deydi belaruslik sobiq davlat arbobi.

OZARBAYJON

Bokudagi Evangelchi nasorolar uyushmasi rahbari Rasim Xalilovning aytishicha, Ozarbayjonda davlat ro’yxatidan o’tish deyarli mumkin emas.

“2009-yil Vijdon erkinligi to’g’risidagi qonunga o’zgartirish kiritilishi natijasida protestant cherkovlarining katta qismi qayta registratsiyadan o’ta olmadi. Shunga qaramay, biz Ozarbayjonda faoliyatimizni to’xtatganimiz yo’q ”, - deydi rahnamo.

O’zbekistonda to’rt yil missionerlik faoliyatini olib borgan ruhoniy Matti Sirvio huquqlar toptalishiga qarshi kurashda dindorlarni faolroq bo’lishga chaqiradi.

“Tarixan, cherkov o’zini davlat va siyosatdan uzoq tutgan. O’zbekistonda ham shunga guvoh bo’ldim. Buning turli sabablari bor. Birinchisi, xavfsizlik masalasi. E’tiqod qiluvchilar davlat organlaridan qattiq qo’rqishadi. Ikkinchisi, vaqtdan unumli foydalanmaslik. Jamiyat ishida faol bo’lishga vaqtimiz yo’q yoki zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan foydalanishni bilmaymiz. Shuningdek, ozchilik nasorolarga ajnabiylar, xoinlar sifatida qarash ham mavjud. Bularning barchasi ularni o’z haq-huquqlari uchun kurashishdan to’sayotgan sabablar”, - deydi protestant ruhoniysi.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG