Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida ochilgan “Xayriya-imon-ehson” jamgʻarmasi qariyb bir yildan beri hududdagi muhtojlarga moddiy koʻmak koʻrsatib keladi. Ayni paytda mazkur jamgʻarmada mingga yaqin yordamga muhtoj insonlarning roʻyxati bor. Jamgʻarma vakillari moddiy imkoniyati mavjud boʻlgan boshqa kishilar koʻmagi bilan ularga doimiy yordam berib kelmoqda.
Jamgʻarma tashkilotchilaridan biri Saidumar Saidjalolov savdogarlik bilan shugʻullanadi. Ammo haftaning har juma kuni uning asosiy ishi yordamga muhtojlar koʻnglini olishdan iborat. U doʻstlari bilan birgalikda shu kuni xayriya doʻkoniga kela olmaydigan oilalarni yoʻqlashga boradi.
Ularning roʻyxatidagilardan biri boʻlgan Fazilat opa yurak kasalligi tufayli ogʻir mehnat qila olmaydi. Ikki farzandi qaynonasining qaramogʻida. Turmush oʻrtogʻi esa 18 yil avval Rossiyaga ketgan boʻyi bedarak. Bu uyda u ijarada turadi. Davlatdan olgan nafaqa puli ijarasiga ham yetmaydi. Shuning uchun koʻchalardan “baklajka” yigʻib, sotishga majbur.
Fazilat opa “Xayriya-imon-ehson” fondining vakillaridan minnatdor ekanini aytar ekan, aksariyat yaqin qarindoshlar ham bir-biridan xabar olmayotgan bugungi kunda begona boʻla turib beminnat yordam qoʻlini choʻzayotganlari tahsinga loyiq deb hisoblaydi.
Jamgʻarma vakillari yordamga muhtoj insonlar oʻzlari oʻylaganlaridan ham koʻproq ekaniga guvoh boʻlishayotganini aytishdi.
“Hozirgi paytda Oʻsh va Qorasuv shahrida xayriya doʻkonlarimiz faoliyat olib bormoqda. Biz bu ishni boshlaganimizda balki Qorasuvga ochish shartmasdir, u yerda bozor bor, odamlar oʻziga toʻq deb oʻylagan edik. Lekin, ishni boshlagach, qarasak, muhtojlar biz oʻylagandan ham koʻproq ekan. Hozir 12 kishi shu ish bilan shugʻullanayotganiga qaramay, vaqt masalasida bir oz qiynalyapmiz. Men yana boshqa birodarlarimizni ham bu ishda koʻmakchi boʻlishlaridan umid qilaman”, - deydi jamgʻarma tashkilotchilaridan biri Saidumar Saidjalolov.
Bu kabi xayriya doʻkonlari bugungi kunda Qirgʻiziston janubidagi bir necha shaharlarda faoliyat olib bormoqda.
Facebook Forum